Ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘yish uchun pul olgan shaxslar ushlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Toshkent shahar Adliya boshqarmasida aloqa operatori lavozimida ishlab kelgan, 1992-yil Urganch shahrida tug‘ilgan shaxs Xonqa tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni o‘zining mansabdor yaqin tanishlari orqali ichki ishlar organlariga mo‘may pul evaziga oson ishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
U lavozimlarning mavqeyi va mansabiga qarab o‘zicha narx ham belgilab, oddiy askarlar tarkibidagi lavozimlarga kiritib qo‘yish uchun 1500 dollar, ofitserlar tarkibidagi lavozimlarga ishga qabul qilish uchun esa 2000 dollar talab qilgan.
DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda adliya xodimi vositachi orqali 1900 dollar va 1 million 295 ming so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda esa Milliy gvardiyaning Qo‘riqlash boshqarmasi Qarshi shahar bo‘limi xodimi Koson tumanida yashovchi bir fuqaroni o‘zining mansabdor tanishlari orqali viloyat IIBga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2000 dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Hozirda har ikkala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28,211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Firibgarlik va pora berish uchun belgilangan jazolar
Jinoyat kodeksiga ko‘ra, firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (18 million 750 ming so‘mdan 37,5 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora berish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsiga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)