16-may kuni Toshkentdagi IT Park hududida GameFest 2025 xalqaro festivaliga start berildi. O‘yin va animatsiya ixlosmandlari uchun mo‘ljallangan yirik tadbir 17-may kuni ham davom etadi.

Festival O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Uzbekistan Creative Association (UzCA) tomonidan tashkil etildi. Tadbirda o‘yin ishlab chiquvchilar, animatorlar, startapchilar, investorlar va xalqaro akademiyalar hamda studiyalar vakillari ishtirok etdi.


Festivalning birinchi kunida yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etgan chiqishlar, panel muhokamalar, investitsiya sessiyalari o‘rin oldi.
Forumda “Markaziy Osiyoda o‘yin studiyasini qanday tashkil qilish va uni global bozorga qanday olib chiqish mumkin?” mavzusi keng muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirda mahalliy va xalqaro studiyalar tomonidan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Game Forum’da biz chet ellik kompaniya vakillarini chaqirib, o‘zlarining tajribasini ulashish, fikrini bildirish va investitsiya kiritishlari uchun taklif qilganmiz. Amerika, Xitoy va Yevropa davlatlaridan spikerlar kelgan. Ular O‘zbekistondagi studiyalarni ko‘radi va ma’qul bo‘lganiga investitsiya kiritadi. Ko‘rgazma ishtirokchilari xorijdan kelgan investorlarga o‘z loyihalarini namoyish qilmoqda. Bu mahalliy ijod namunalarimizni dunyoga tanitishda bir qadam bo‘ladi, deydi IT va investitsiyalar markazi menejeri.
Hozirgi kunda yoshlar orasida kompyuter va mobil o‘yinlarga bo‘lgan qiziqish keskin oshmoqda. Ayrim hollarda bu qiziqish haddan ziyod bo‘lib, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. O‘yinlar to‘g‘ri yo‘naltirilsa, ular juda katta foyda keltirishi mumkin. Masalan, kreativ fikrlash, strategik rejalashtirish, ingliz tilini o‘rganish va hatto dasturlash bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.


Ko‘rgazmada ishtirok etgan Pokiza Nurmamatova o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Bunday festivalda ilk bor qatnashishim. Bu esa juda hayajonli. Biz milliy o‘yinlarimizni butun dunyoga namoyish etmoqchimiz. Mobil o‘yinimiz “Ko‘pkari” deb nomlangan. Hozirgi kundagi o‘yinlarda kundan-kunga agressivlik kuchayib bormoqda. Biz esa o‘z o‘yinimiz orqali milliylikni targ‘ib qilmoqchimiz. Ushbu o‘yinning pulli va bepul versiyasi bo‘ladi. Investorlar bizning o‘yinga katta qiziqish bildirdi, deydi u.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, bu kabi tadbirlar nafaqat madaniy ahamiyatga ega, balki mamlakatimizning raqamli kreativ sohadagi global mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi. Tomoshabinlar zamonaviy animatsiya ishlanmalari, film uchun konsept-art yaratish jarayonlari va turli xil animatsion film va o‘yinlar loyihalari bilan tanishdi.


Biz aynan GameFest 2025 festivalida qatnashish uchun Qozog‘istondan keldik. Animatsion studiyamizni ochilganiga 7 yil bo‘ldi. Aynan shu soha bo‘yicha Amerika bilan hamkorligimiz bor. Animatsiyalarimiz 3 yosh atrofida bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan. Bolalar bu animatsiyalar orqali ota-onaga hurmat, milliy qadriyatlar va boshqa ibratli g‘oyalarni o‘zlashtiradi, deydi qozog‘istonlik ishtirokchi.
O‘yinlar va animatsiyalar yaratish murakkab, ammo ayni paytda juda qiziqarli jarayon bo‘lib, yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.


Parallel tarzda ishlagan Games&Animation Expo ko‘rgazmasida tashrif buyuruvchilar eng yangi video o‘yinlar, AR/VR loyihalarini sinab ko‘rishdi hamda mahalliy va xorijiy animatsion studiyalar ish faoliyati bilan tanishdi. Digital Garden zonasi esa innovatsiyalar va kreativ hamkorlik markaziga aylandi.

Festivalning ikkinchi kuni esa animatsiya va vizual effektlar mavzusiga bag‘ishlanadi. Animatsion forum doirasida yetakchi rassomlar, rejissyorlar va prodyuserlar to‘planadi. Mehmonlar orasida Walt Disney Animation Studios, Lucasfilm, Yevropa animatsion filmlar assotsiatsiyasi va boshqa mashhur studiyalar mutaxassislari ishtirok etadi.

GameFest 2025 bu — shunchaki festival emas, balki O‘zbekistonda raqamli kreativ va texnologik salohiyatni uyg‘unlashtirgan, barqaror ekotizim barpo etishga qaratilgan muhim tashabbusdir.
Izoh (0)