O‘zbekistonda yerlarni muhofaza qilish va yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi oshiriladi. Prezident tomonidan 5-may kuni imzolangan qonun bilan Yer kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, bo‘sh turgan yerlarning hisobga olish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga o‘tkazish mexanizmlarini takomillashtirish, huquq egalarining yer uchastkalarini olganlik uchun haq to‘lashni amalga oshirish yuzasidan mas’uliyatini kuchaytirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning turlariga aniqlik kiritilmoqda. Sug‘oriladigan yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga o‘tkazish bo‘yicha aniq talablar belgilanmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishining nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash zarur bo‘lgan hollar kengaytirilmoqda.
Xususan, Yer kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar:
- foydalanish turiga ko‘ra — qishloq xo‘jaligi yerlariga va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga;
- suv bilan ta’minlanish darajasiga ko‘ra — sug‘oriladigan yerlarga va sug‘orilmaydigan yerlarga bo‘linadi.
Sug‘oriladigan yerlar maxsus muhofaza qilinishi lozim. Ushbu yerlarni yer fondining boshqa toifasiga yoki sug‘orilmaydigan yerlarga o‘tkazish alohida hollarda, tuproq-meliorativ va iqtisodiy sharoitlar, yerlarning suv bilan ta’minlanganligi darajasi, shuningdek, suv resurslarining mavjudligi hamda ularga doir limitlar hisobga olingan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligining, Suv xo‘jaligi vazirligining hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining xulosalariga muvofiq prezident farmoyishi bilan amalga oshiriladi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinganda, mazkur yer uchastkasi zaxira yerlar toifasiga o‘tkazilmaydi hamda tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati organlarining tasarrufida bo‘lgan bo‘sh turgan yer uchastkalari sifatida hisobga olinadi.
Tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati organlarining tasarrufida bo‘lgan bo‘sh turgan yer uchastkalari 15 kunlik muddatda tuman (shahar) hokimining qaroriga asosan davlat yer kadastrida hisobga olinishi hamda ushbu yerlarni boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga berish choralari ko‘rilishi kerak.
Yer uchastkasini olganlik uchun haq belgilangan muddatlarda to‘lanmaganda – muddati o‘tgan qarzdorlik uning mavjudligi to‘g‘risida vakolatli organlar tomonidan ogohlantirish berilgan sanadan boshlab 6 oy ichida bartaraf etilmaganda yer uchastkalariga bo‘lgan huquq bekor qilinishi belgilandi.
5-may kuni “Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham imzolandi. Unga ko‘ra aholining dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish taqiqlandi.
Izoh (0)