“O‘zgidromet” avtomatik havo monitoringi stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent havosidagi PM 2,5 zarralari miqdori 3-yanvar kuni JSST tavsiyalaridan 18,7 barobarga oshib ketdi. Shuningdek, poytaxt atmosfera havosida kislorod ulushining ham nisbatan kamayib borayotgani aniqlanmoqda. Bu o‘z navbatida uyqusizlik, holsizlik, bosh og‘rig‘i keltirib chiqaradi va miya faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi.
PM 2,5 va PM 10 nima degani?
PM (particle materials) — bu havodagi chang zarralari. Raqamlar esa o‘sha zarralarning diametrini anglatadi. Ya’ni PM 10, bu 10 mkm hajmga ega, boshqacha aytganda soch tolasidan 10 baravar kichik zarra. PM 2,5 esa soch tolasidan 40 baravar kichik.
PM 10 biroz yirikroq bo‘lgani uchun bronxlardan nariga o‘tmasdan, asosan yuqori nafas yo‘llarida qoladi va organizmdan tezda chiqib ketadi. RM 2,5 esa o‘ta mayda zarralar bo‘lib, ular gaz almashinuvi yuz beradigan alveola va o‘pka kapillyarlariga o‘tish qobiliyatiga ega. Boshqacha aytganda, ushbu maydi zarra qon tomirlarigacha kirib boradi va qon tizimi orqali butun organizmga tarqaladi, to‘qima va hujayralarda to‘planib qoladi hamda ularning normal ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qanday oqibatlarga olib keladi?
Atmosfera havosida PM 10 va PM 2,5 zarralarining miqdori oshib ketishi inson organizmida yallig‘lanish keltirib chiqaradi, kanserogen, teratogen va sitoksik ta’sir ko‘rsatib, allergopatologiya rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Soddaroq aytganda, bu allergolik va onkologik kasalliklar keltirib chiqaradi, yurak-qon tomirlari, o‘pka faoliyatini zararlaydi va eng muhimi inson umri davomiyligini qisqartiradi.
Bunga nimalar sabab bo‘lmoqda?
Respublikada iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan ob-havoning ekstremal kuchayishi, yerlarni sho‘rlanishi, kamsuvlik, qurg‘oqchilik, changli bo‘ronlar, shuningdek, atropogen ta’sir oqibatida atmosfera havosining ifloslanishi ortib bormoqda.
Xususan, Toshkent atmosfera havosini ifloslanishiga quyidagi omillar ta’sir etmoqda:
- yashillikning yo‘qolishi — joylarda daraxt va butalarni pala-partish kesish ekologik muvozanat buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, e’lon qilingan moratoriy davrida 49 mingga yaqin, shundan 10,5 mingga yaqin qimmatbaho daraxtlar noqonuniy kesilishi natijasida tabiatga 45 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan. Shuningdek, magistral yo‘llar va shahar hududida, turar joy massivlarida ko‘kalamzorlashtirish foizi kamligicha qolmoqda;
- qurilishdagi xaos — shaharsozlik bosh rejalari tasdiqlanmasdan qurilish ishlari jadal amalga oshirilmoqda, xususan Toshkent shahrida Davlat rahbari tomonidan bir necha marotaba qurilish ishlarini amalga oshirilmasligi ma’lum qilingan bo‘lsada qurilishlar hanuzgacha davom etmoqda. Shuningdek, shahardagi qurilishlarda SanPin rioya etilmaydi va ekologik ekspertiza o‘tkazilmaydi. Masalan, oraliq masofaga rioya qilinmasdan baland binolar qurilishi shamol aylanishini to‘sib qo‘ygan, havoga keragidan ortiq maishiy chiqindi chiqarilmoqda;
- mashinalar chiqarayotgan zaharlar — avtotransport vositalarining atmosfera havosiga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalari hajmi oshib borishiga transport vositalarining ekologik darajasi, foydalanilayotgan yoqilg‘i va yo‘l harakatini tashkil etish sifatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. 2021-yilda 3,14 million dona avtotransport bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni 4,6 million donani tashkil etib, 32 foizga ortgan. Toshkent shahrida bir kunda o‘rtacha 730 ming avtotransport vositasi harakatlansa, qo‘shimcha ravishda hududlardan 160 mingdan 300 minggacha avtotransport vositasi kirib keloqda.
- jamoat transporti rivojlanmagani va infratuzilma yo‘qligi — shaharlarda transport va piyodalar oqimining kesishmalari soni kamaytirilmagan, magistrallardagi yuklama darajasi pasaytirilmagan, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini tartibga solish sikli optimallashtirilmagan, alohida velosiped yo‘lakchalari yetarli emas. Natijada mashinalardan chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar miqdori yanada oshib bormoqda;
- sanoatdagi maishiy chiqindilar hajmining ortishi — zavodlar, sexlar va shu kabi ishlab chiqarish korxonalarida ekologik nazorat qoniqarsiz darajada, eski va samarasiz texnologiyalardan foydalanish natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zaharli moddalar miqdori halokatli darajaga kelib qolgan;
- ko‘mirdan foydalanish ortgani — mamlakatda uglevodorodlardan, jumladan ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish hajmlarini o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, 2019-yilda 3,9 million tonna ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanilgan bo‘lsa, 2022-yilda 5,3 million tonna 2023-yil yakuniga ko‘ra 6,7 million tonnani tashkil etishi kutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida, ko‘mir yoqilg‘isini qazib olish, tashishdan to foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda ajralib chiquvchi ifloslantiruvchi moddalar atrof-muhit, jumladan, atmosfera havosi, tuproq va suv resurslarini ifloslanishiga olib kelmoqda. 10 tonna ko‘mir yoqilg‘isi yoqilganida atmosfera havosiga 220 kilogramm qurum, 360 kilogramm oltingugurt II oksidi, 64 kilogramm uglerod oksidi, 16 kilogramm azot II oksidi va 2 tonna kul chiqindisi hosil bo‘ladi;
- mazut yoqilg‘isidan foydalanish ortgani — kuz-qish mavsumida aholiga markazlashgan issiqlik yetkazib berish uchun mavjud Issiqlik markazlari (TS) tomonidan qo‘shimcha yoqilg‘i sifatida mazut yoqilg‘isidan foydalanish natijasida atmosfera havosini keskin ifloslanishiga olib kelmoqda. Birgina Toshkent shahridagi mavjud 6 ta issiqlik markazlarining 9 ta qozonxonalarida dekabr oyini o‘zida 3 ming tn mazut yoqilg‘isidan foydalanilgan;
- tabiatni qo‘riqlashdagi nazoratsizlik — muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda chorva mollari nazoratsiz va tizimsiz boqilishi holatlarining ortib borishi, yer osti suvlaridan ilmiy asoslarsiz foydalanish ekotizimlarning buzilishiga, katta yer maydonlari degradatsiyasining ortishiga hamda ularning cho‘llanishiga olib kelmoqda, oqibatda iqlim o‘zgarishining ta’siri kuchaymoqda, insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘ilmoqda;
- meteorologik sabablar — shamol yo‘nalishi va tezligi, havo harorati, quyosh radiatsiyasi, atmosfera yog‘inlarining miqdori va davomiyligi, harorat inversiyalari (vertikal bo‘yicha aralash zarralarning tarqalib ketishiga to‘sqinlik qiluvchi iliq havo qatlami) va h.k.;
- geografik sabab — Toshkent shahri joylashuvi relyefining xususiyatlari, ya’ni poytaxt tog‘lar bilan o‘ralgan va chuqurlikda joylashgan. Shu sababli shamol aylanmasligi hisobiga chang havo oqimi shaharda turib, dimlanib qoladi va tabiiy yo‘l bilan chiqib ketmaydi.
Nima qilish kerak?
Atmosfera havosiga ko‘rsatilayotgan salbiy oqibatlarni kamaytirish maqsadida mutaxassislar tomonidan quyidagilar taklif etilmoqda:
Avtotransport vositalarining atmosfera havosiga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalari hajmini kamaytirish maqsadida:
- 2025-yil 1-martdan boshlab “Yevro-5” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘idan foydalanishni taqiqlash;
- kunning tig‘iz vaqtlarida (ertalabki soat 07:00 dan 10:00 ga qadar va 17:00 dan 20:00 ga qadar) N2 va N3 toifali (yuk tashish uchun mo‘ljallangan, vazni 3,5 va 12 tonnadan ortiq) transport vositalarining harakatini cheklash;
- 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan barcha toifadagi avtotransport vositalarining harakatlanishini bosqichma-bosqich taqiqlash, bunda avtotransport vositalari egalariga zamonaviy avtotransport vositalariga o‘tish uchun (elektromobil) imtiyozlar, pereferensiyalar va subsidiyalar berishni yo‘lga qo‘yish;
- foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan avtotransport vositalari egalari majburiyatini oshirish, shuningdek ulardan foydalanishni iqtisodiy jihatdan samarasizligini ta’minlash uchun maxsus soliq turini joriy etish;
- Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi yirik shaharlarning diqqatga sazovor markaziy ko‘chalarida avtotransport vositalaridan xoli hududlarni tashkil etish;
- avtomobilga egalik qilishni “ortiqcha hashamat” darajasiga olib kelish, masalan, butun shahar bo‘ylab avtomobil to‘xtash joylarini pullik shaklga o‘tkazish, jarimalarni oshirish, avtomobillarning davlat raqami belgilari uchun to‘lov miqdorini qimmat qilish va h.k.;
- transport va piyodalar oqimining kesishmalari sonini kamaytirish, magistrallardagi yuklama darajasini pasaytirish, transport oqimi tarkibini, tezlik rejimini, tartibga solish siklini optimallashtirish hisobiga yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkil etishni ta’minlash;
- jamoat transportini to‘liq elektr, gaz-ballon yoqilg‘i va boshqa muqobil yoqilg‘i turlariga o‘tkazish, shuningdek, yo‘l infratuzilmasini tashkil etish.
Shahar va aholi yashash punktlarida atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy omillardan biri bo‘lgan ko‘mir va mazut yoqilg‘isidan foydalanishni keskin taqiqlash.
Toshkent shahrida:
- 2024-yil 1-yanvardan boshlab barcha turdagi qurilish obyektlarini (ijtimoiy va davlat ahamiyatiga oid obyektlar bundan mustasno) qurishga moratoriy e’lon qilish;
- tajriba tariqasida Toshkent shahrida avtomobillar harakatini maqbullashtirish uchun avtomobillarni davlat raqamiga mos ravishda “toq va juft” kunlarda boshqarish qoidasini joriy etish;
- mikroiqlim mo‘ta’dilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
- atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichini doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatish;
- ilmiy va puxta ishlangan xulosalar asosida shamol tezligini pasaytirish, tuproq zarralari ko‘chishini oldini olishga qaratilgan Toshkent shahri atrofida “yashil belbog‘”lar barpo etish.
Izoh (0)