Buxoro viloyatining Shofirkon hamda G‘ijduvon tumanlari chegarasini kesib o‘tuvchi Abdullaxon zovuridan oqayotgan qizil rangli suv aholi noroziligiga sabab bo‘ldi. Aholi murojaati yuzasidan “Daryo” muxbiri surishtiruv olib bordi.
Aholi zovurdan suv o‘rnida, qon oqyapti deb o‘ylagan
Shofirkon tumanidagi “Shibirg‘on”, “Sultonobod”, “Do‘rmon” hamda G‘ijduvon tumanidagi “Guliston”, “Ko‘lijabbor” mahallalarini kesib o‘tuvchi Abdullaxon zovuridan qariyb bir yildan beri qizil rangli suv oqayotgani odamlarni tashvishga solgan. Bu holat bir qarashda kishini seskantirib yuboradi. Odamlar mol-hollarini, tomorqa yerlarni sug‘orishda aynan shu suvdan foydalanishga majbur. Aholi tomonidan yuqori tashkilotlarga qilingan barcha murojaat, natijasiz qolgan. Asta-sekin odamlar Abdullaxon zovuridan suv o‘rnida qon oqyapti, degan shubhaga ham borgan. Shuningdek ular orasida yaqin atrofda zo‘ravon qassob bo‘lib, u bir kunda bir nechta qoramollarni so‘yib, qonini shu zovurga oqizib yuborar ekan, degan gap-so‘zlar ham tarqalgan. “Daryo” surishtiruvi jarayonida aholining bu shubhasi, gumonlari asossizligi, aslida, Abdullaxon zovuridan oqib o‘tayotgan qizil rangli suv G‘ijduvon tumanidagi “Parvoz Humo ravnaq” ip-yigiruv fabrikasidan oqizib yuborilayotgan chiqindi suvlar ekani aniq bo‘ldi.
Mahalla raislari jim, mutasaddilar befarq
Bir yildan ortiq vaqtdan buyon Shofirkon tumanining 11 ta, G‘ijduvon tumanining 4 ta qishlog‘i aholisining og‘riqli tashvishiga aylanib qolgan, hatto, qoramollarni va ekin yerlarini sug‘orishga yaroqsiz qizil rangli suv muammosini bartaraf etish uchun deputatlar, tuman Xalq qabulxonasi mas’ullari say’-harakat qilgan. Biroq, natija bo‘lmagan.
“Nahotki, xalq dardini hech kim ko‘rmayapti. Ahvolni ko‘rib, yig‘lagim keladi. Prezident harakat qilyapti, mahallalarni qo‘llab-quvvatlayapti, ammo, mahalla raislari jim, mutasaddilar befarq. Biz ikki tomonlama aziyat chekyapmiz. Na qishloq ariqlariga suv quyiladi, na lotoklarimizdagi qizil rangli suv to‘xtatiladi. Qani rahbarlar, qani mutasaddilar? G‘ijduvon tumanidagi ip-yigiruv fabrikasining chiqindi, zararsizlantirilmagan sizot suvlari minglab aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda, axir. Qizil rangli suvni zararsiz, degan gap ham chiqarishdi. O‘ylab ko‘ring, ximikat, bo‘yoq zararsiz bo‘lishi mumkinmi? Tomorqalarimizdan ekinlarimiz qurib ketyapti, qo‘y-qo‘zilarimizga ziyon yetyapti. To‘g‘ri, men bunday chiqish qilganimdan keyin hech kim xursand bo‘lib, qarsak chalib qarshilamaydi. Tanqidni hammayam sog‘lom qabul qilolmaydi, ayniqsa, ijrochilar. Lekin, ko‘p sonli qishloqdoshlarim, mahalladoshlarimning dardini, tashvishini olib chiqdim”, — deydi mahalla fuqarosi Salim Nosirov.
“Shibirg‘on” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ixtiyor Musayev esa o‘z faoliyatini bor-yo‘g‘i, bir oycha ilgari boshlaganini va u aholini qiynab kelayotgan masala yuzasidan hali biror bir tashkilotga murojaat qilib chiqishga ulgurmaganini bildirgan.
“Anchadan beri ariqlardan qizil suv oqib kelyapti. Aholi tomorqa yerlaridagi hosillar qurib ketyapti. Odamlar ko‘makka muhtoj”, — deydi “Shibirg‘on” mahallasi raisi Ixtiyor Musayev.
Xuddi shuningdek, “Sultonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ham faoliyatni boshlaganiga hali bir oy bo‘lmaganini, o‘ndan ortiq qishloqlar aholisi ko‘makka muhtojligini aytmoqda.
“Har bir mansabdor shaxs prezident topshiriqlarini bajarmadimi demak u prezident ishonchini suiiste’mol qilyapti. Elektr simyog‘ochga tuman ‘Suv ta’minoti’ idorasi ‘Zahkashga axlat tashlash — xiyonat’ deb yozib qo‘yibdi. Xo‘sh zarar, ziyonli suvni zahkashga quyish xiyonat emasmi?” — deya so‘zida davom etgan Salim Nosirov.
Aholining bildirishicha, mahalladagi paxtazor, bug‘doyzor va odamlarning tomorqa yerlari, qoramollari ilojsizlikdan qizil rangli suv bilan sug‘orilmoqda.
Qo‘lansa hidli qizil rangli suv ekinlar va qoramollarga ziyon yetkazmoqda
“2016-yildan buyon dalada mehnat qilaman. Qarang, bu suvning ahvolini. Tomorqani sug‘orish iloji yo‘q. O‘zim dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Toshkentgacha yozdim. Hech kimning parvosiga kelmaydi. Birorta rahbar qiziqmaydi. Tomorqadagi hosillarimiz o‘ziga yarasha. Doim Shavkat Mirziyoyevga ariza yozaman. Keyin kanalga ikki marta loyqa suv keladi. Bo‘ldi shu bilan, yana to‘xtab qoladi”, — deydi fuqaro Feruza Rajabova.
Fuqaro Siroj Narziyevning aytishicha, qishloqlararo oqib o‘tadigan anhorlarda to‘xtab qoladigan qizil rangli suvlar ko‘p o‘tmay, atrofga qo‘lansa hid taratmoqda.
“Zovurga ip-yigiruv fabrikasining chiqindi suvlaridan tashqari, hojatxona axlatlari ham qo‘shib oqizilayotganiga shubha qolmaydi. Ekinlar qurib ketyapti, mollar kasallanyapti. Ogohlantirishimizga qaramay, baribir, bola-da, bu ko‘lmak suvlarga bolalarimiz cho‘miladi. Necha marta turli tashkilotlardan odamlar kelishadi-yu, ketishadi. Bir nima oladi-yu ketadi-da, shu qiladigan ishi. Boshqa nima deyish mumkin”, — deydi Siroj Narziyev.
“Suvning ahvoli mana shu. Mol ham ichmaydi, odam jirkanadi”, — deydi Bozorboy Elov.
Deputat Aziz Nosirov ushu masalani ko‘tarib chiqqaniga uch oydan ko‘p vaqt bo‘lganini, lekin ijobiy yechim bo‘lmayotganidan norozi ekanini aytmoqda. Sanitariya epidemiologiya xizmati Shofirkon tumani bo‘limi boshlig‘i Toshpo‘lat Asadov, tuman Irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Davron Ibodovlar esa suv yaroqsiz bo‘lsa-da, aholi bu qizil suvlardan ilojsiz foydalanishga majbur bo‘layotganini bildirgan.
Aniqlanishicha, hududdan 1,5 kilometrcha uzoq masofada joylashgan G‘ijduvon tumanidagi “Parvoz Humo ravnaq” ip-yigiruv fabrikasida kimyoviy moddalar bilan yuviladigan rangli matolardan chiqqan suv kanalizatsiya orqali zovurga yo‘naltirilgan. Inshootda yig‘ilgan suvlar yetarlicha tozalanmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri zovurga oqizib kelingan.
“Aholi bilan juda ko‘p bor uchrashganman. Ularni qiynab kelayotgan masala yechimi uchun chora-tadbirlar ko‘rilayotgani xususida ko‘p bor tushuntirganmiz. Uzog‘i bilan ikki oy ichida 1,5 gektarlik yer maydonida yangidan oqava suvlarni tozalash inshooti barpo etiladi. Bosqichma-bosqich barcha amallar bajarilyapti”, — deydi Shofirkon tumani hokimi Jamshid Sharipov.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Shofirkon tuman bo‘limi boshlig‘i Bobur Sobirovning bildirishicha, viloyat boshqarmasi tomonidan 2021-yilning 30-oktyabr kuni bildirish xati orqali G‘ijduvon tumani hokimiga murojaat qilingan. Unda G‘ijduvondagi ip-yigiruv fabrikasidan chiqayotgan oqova suvlar yetarlicha tozalanmasdan zovurga oqizilayotgani, bu aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgani bildirilgan. G‘ijduvon tumani hokimi esa 2021-yil 1-noyabrdagi javob xatida tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi va “Buxoro suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyat tuman filialiga ushbu masala yuzasidan ko‘rsatmalar berilganini ma’lum qilgan.
“Fuqarolar Abdullaxon zahkashidan qizil suv oqayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilishgan. Biz bu haqda viloyat boshqarmamizga xabar berdik. Laboratoriya bo‘limidan vakillar kelishib, suvdan namunalar olishdi. O‘rganish ishlari haligacha davom etmoqda. G‘ijduvon fabrikasida oqova suvlarni tozalamasdan zahkashga oqizishayotgani aniqlandi”, — deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tuman bo‘limi boshlig‘i Bobir Sobirov.
Viloyat “Suv ta’minot” MCHJning G‘ijduvon tuman filiali rahbari ham ta’mirtalab inshoot o‘rnida xuddi shu yerdan 1,5 gektar yer maydonida yangidan oqova suvlarni tozalash inshooti qurilishi uchun G‘ijduvon tuman hokimligining qarori chiqarilgani va ushbu qurilish ishlari 2020-yilning avgust oyida boshlanishi kerakligi to‘g‘risida bir necha bor bildirgan. Shunga qaramay, masala hozirgi kunga qadar o‘z yechimini topmagan. Fabrikadagi kimyoviy tahlil qilinmagan rang-bo‘yoq suvlarning zovurga oqizib tashlanishi davom etib kelavergan.
“Daryo” muxbiri surishtiruv davomida viloyat hokimi bilan ham ko‘rishgan va mazkur masala yuzasidan uning firkini o‘rgangan. Ma’lum bo‘lishicha, hokim avvalroq mutasaddilar bilan holat joyiga chiqib, vaziyatni ko‘rgan. Biroq, mas’ullar viloyat hokimiga yolg‘on ma’lumot berib, boshqa manzarani ko‘rsatgan.
“Mana shunday katta va dolzarb ahamiyatga ega muammolarni olib chiqib, uning yechimi uchun harakat qilayotgan jurnalistlar bilan doim yonma-yonman va qo‘llab-quvvatlayman”, — degan hokim Botir Zaripov.
Shundan so‘ng viloyat rahbari masala chuqur o‘rganilib, zovur suvi avvalgi holatiga qaytishini aytgan.
“Ushbu masalani bartaraf etish sa’y-harakatni ancha ilgari boshlangan. 1,5 gektarli yer maydonida oqova suvlarni qabul qilish inshootini barpo etish va ishga tushirish uchun ilgariroq Ukrainaga uskunalar buyurtma berilgan edi. Biroq, Ukrainadagi bugungi ahvol sababli esa bu ish kechikdi. Shu bois, Turkiyaga qayta buyurtma berdik, uch milliard so‘m mablag‘ ham ko‘chirilgan. Jami 38 milliard so‘mlik obyekt tiklanadi. Buyurtmachi bor, pudratchi bor, pul bor, hammasi bor, faqat uskunani kutib turibmiz. Turkiyadan 1 sentyabrgacha uskunalar kelishi kerak. Bundan tashqari, uskunalarning biologik va kimyoviy himoyaga ega bo‘lishi ham talab qilinyapti. Demak, uskunani tayyorlash uchun biroz vaqt o‘tadi. Zovur masalasida shu ishlar bajarilmayotganda edi, men bu masala hal bo‘lmaydi, deb aytardim. Ammo hamma choralar ko‘rilgan. Men doimo o‘zimga muammolarni belgilab olaman. Hammamizning maqsadimiz bitta. Biz buni, albatta, xudo xohlasa, ijobiy bartaraf etamiz”, — dedi Botir Zaripov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda.
Viloyat hokimi “Daryo” muxbiri bilan ip-yigiruv fabrikasida ham bo‘lgan.
“Ip-yigiruv fabrikasi faoliyati ayni paytda vaqtincha to‘xtatib qo‘yiladigan bo‘lsa, ikki-uch minglab ishchilar ishsiz, maoshsiz qolishadi. Shu bois, oqova suvlarni zararsizlantiradigan va ularni filtrlaydigan inshootlarni to‘liq ta’mirlash, cho‘kindilardan tozalash ishlarini zudlik bilan amalga oshirish, har ikki tomon uchun ham yechim bo‘ladigan choralarni qo‘llash zarur”, — deya ko‘rsatma bergan Botir Zaripov.
Shundan so‘ng Botir Zaripov tashabbusi bilan hududda OAV vakillari uchun press-tur ham tashkil etilib, G‘ijduvon hamda Shofirkon tumanlari kesishmasidagi Abdullaxon zovurini tozalash, sizot suvlar cho‘kindisidan hosil bo‘lgan loy va balchiqlarni olib ketish ishlari bajarilgan.
“1,5 gektarli yer maydoni devorlar bilan o‘ralib, xavfsizlik choralari ko‘rilyapti. Xorijdan buyurtma asosidagi uskunalar yetib kelguncha, ikki oy davomida holatni barqarorlashtirib turish, aholiga zararsiz sug‘oruv suvlarini yetkazib berish uchun lozim bo‘lgan barcha amallar bajarilmoqda. Ushbu masalani bartaraf etish katta miqdordagi mablag‘ talab qilayotgani bois, muammo bir necha yildan buyon oqsab kelayotgan edi. Viloyat rahbarining sa’y-harakati bilan mablag‘ masalasi hal etildi hamda yuqorida aytilganidek, xorijdan uskunalar kelishi kutilmoqda. 2022-yilning 1-sentyabr kuni aholini qiynab kelayotgan bu og‘riqli masala to‘liq bartaraf etiladi”, — dedi “Buxoro suv ta’minoti” MCHJ rahbari Shohruxali Sadilloyev.
Maqola tayyorlanayotgan jarayonda “Daryo”ga murojaat qilgan aholi bir yildan beri hal bo‘lmay kelayotgan muammo ikki kechadayoq hal etilganini, zovur hamda qishloq ichki anhorlarida oqayotgan suvlar rangi tiniqlashib, odatiy tusga kirayotganini aytib, tahririyatga minnatdorlik izhor qilgan.
Izoh (0)