2022-yilning dekabr oyida NASAning Maven missiyasi quyosh shamoli deb nomlanuvchi Quyoshdan doimiy ravishda kelib chiqadigan zaryadlangan zarralar oqimining to‘satdan “yo‘qolishi”ni kuzatdi. Kosmosda bo‘shliq qoldirgan ushbu kamyob quyosh hodisasi Mars atmosferasining “deyarli aqlbovar qilmaydigan” kengayishiga olib keldi, deb yozadi Independent.
San-Fransiskodagi Amerika geofizika ittifoqining kuzgi yig'ilishida taqdim etilgan NASA kuzatuvlariga ko‘ra, quyosh shamoli bosimisiz Mars atmosferasi va magnitosferasi minglab kilometrlarga kengaygan.
Oldingi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, Mars ham Quyosh tizimidagi boshqa sayyoralar singari, doimiy ravishda Quyoshdan chiqadigan zaryadlangan zarralar bilan o‘ralgan bo'lib, u magnitosferaga o‘z bosimini o‘tkazadi.
Shu bilan birga, Marsga tushgan quyosh shamoli uning atmosferasining ko‘p qismini tarqatib yuboradi. Shunday qilib, 2022-yil dekabr oyida quyosh shamolining zichligi 100 baravar pasaydi, bu esa Marsda bosimning pasayishiga va sayyora magnitosferasi hajmining uch baravardan oshishiga olib keldi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu quyosh hodisasi va Mars magnitosferasining keyingi o‘zgarishi Marsda suv va atmosferaning yo‘qolishiga olib kelgan fizikani yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Quyosh shamolining bunday keskin yo‘qolishi juda kamdan-kam hollarda va faqat quyosh faolligi kuchaygan paytda sodir bo‘lishi aytilmoqda.
Izoh (0)