Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 3-may kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda mamlakatlar o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya prezidentining o‘tgan yil may oyidagi O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish natijalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar va biznes darajasidagi faol muloqotlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani taʼkidlandi.
Shu maʼnoda Toshkent shahrida beshinchi “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida bo‘lib o‘tgan ishbilarmonlik tadbirlarining samarali natijalari yuksak baholandi.
Gumanitar hamkorlik, eng avvalo, madaniyat, sanʼat, fan va taʼlim, sport va turizm sohalarida kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak uchrashuvlar rejasini muhokama qildi.
Izoh (0)