Ukrainada 11 kishini o‘ldirishda aybdor deb topilgan O‘zbekiston fuqarosi umrbodga qamaldi. Bu haqda mamlakat bosh prokuratura ofisi xabar berdi.

Kiyevda 38 yoshli o‘zbekistonlik qasddan odam o‘ldirish va bosqinchilik hujumlarini sodir etganlikda aybdor deb topilgan. U 6 yil ichida sakkiz nafar Ukraina fuqarosi, o‘zbekistonlik, litvalik va gruziyalikni o‘ldirgan.
Qurbonlar orasida 35 yoshdan 81 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va ayollar bor. Qotil ularning ishonchiga kirib, muloqot qilgan, keyin esa bo‘g‘ib yoki toshbo‘ron qilib, mol-mulkini o‘g‘irlagan, deyiladi xabarda.
Qo‘lga olish tafsilotlari
O‘zbekiston fuqarosi 2018—2024-yillar oralig‘ida uch nafar ayol va 8 nafar erkakning o‘limiga sabab bo‘lgan. Uning yana bir kishini o‘ldirishga urinishi muvaffaqiyatsiz tugagan.

Uning qurbonlari asosan doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan odamlar bo‘lib, erkak ular bilan tanishib, spirtli ichimliklar iste’mol qilib, keyin o‘ldirgan. Ularning jasadlari topilgan, ammo o‘lim holatlari va sabablarini aniqlash juda qiyin, deydi prokuratura.
O‘zbekistonlik 2024-yil yanvar oyida Goloseyev tumanida gul sotuvchisini o‘ldirganidan keyin qo‘lga olingan. U do‘konga kirib, sotuvchiga 30 ga yaqin pichoq bilan zarba bergan. Shundan so‘ng ayolning tilla taqinchoqlarini olib, qochib ketgan. Qo‘lga olinganidan so‘ng, xorijlik aybiga iqror bo‘lgan va boshqa jinoyatlari haqida gapirgan.
Erkak o‘zining har bir qurboni haqida ma’lumot bergan. Sud prokurorlarning dalillarini inobatga olib, unga maksimal jazo tayinlagan.

Jinoyat haqida nimalar ma’lum?
O‘zbekiston fuqarosi 2018-yilda Xarkovdagi bozorlardan birida ishlagan, u yerda tanishini bolta bilan o‘ldirib, boshi va tanasiga 30 dan ortiq zarba bergan. U bolta, hujjatlar va telefonni pechga tashlab, marhumning pullarini o‘zlashtirgan. Shundan so‘ng o‘zbekistonlik erkak Kiyevga jo‘nab ketgan.
2019-yil avgust oyida u “Demeyevskaya” metro bekati yaqinida avvaldan tanish bo‘lgan uysiz odam bilan ichimlik ichgan. So‘ngra uni qo‘l va oyoqlari bilan urib, boshiga 8 marta tosh bilan zarba bergan.

O‘sha yilning sentyabr oyi boshida u doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan eski tanishini yerda uxlab yotganini ko‘rgan. Bir kun oldin ular o‘rtasida og‘zaki janjal bo‘lgani sababli, mahkum yaqin atrofdan beton bo‘lagini topib, erkakning boshiga urgan. U olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
2020-yil yanvar oyida Obolon tumanidagi uyning yerto‘lasida uch erkak — ota va uning o‘g‘illari bilan spirtli ichimlik ichganidan so‘ng, mahkum hammani uxlab yotganida shim kamari bilan navbatma-navbat bo‘g‘ib o‘ldirgan.

2021-yil iyun oyi oxirida Svyatoshinskiy tumanida mahkum farroshga yaqinlashib, boshiga zarba bergan. Erkak hushini yo‘qotgan, mahkum uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan, biroq yonida odamlarni ko‘rgan, shuning uchun pulni o‘g‘irlab, shahardan qochib ketgan.
2023-yil iyun oyida o‘zbekistonlik “Babiy Yar‘ darasi hududida tanishib, birgalikda spirtli ichimlik iste’mol qilgandan so‘ng ayolni qo‘li bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.
2023-yil iyul oyi boshida “Pochayna” metro bekati yaqinida erkak o‘z vatandoshi bilan tanishgan. Ular tanishuvni nishonlashga borishgan, keyin mahkum jabrlanuvchi uxlayotgan choyshabning bir bo‘lagini olib, qotillik o‘z joniga qasd qilishdek ko‘rinishi uchun undan sirtmoq yasagan.

Bir necha kun o‘tgach, Obolon tumanida u keyingi yo‘nalish bo‘yicha yordam so‘ragan ayolni bo‘g‘ib o‘ldirgan.
2023-yil iyul oyi o‘rtalarida Petropavlovskaya Borshchagovkada mahkum supermarketda keksa erkak bilan tanishgan, uni tashlandiq bino oldiga olib borib, jinsi mato bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Shundan so‘ng marhumning jasadini chiqindi bilan ko‘mib tashlagan.
Izoh (0)