Toshkent shahrida 50 foizdan ortiq ulushi davlatga qarashli qator bozorlar faoliyat yuritmoqda. Ularning har biri turlicha daromad topadi. “Daryo” ochiq maʼlumotlar asosida poytaxtdagi bir necha bozorlarning 2024-yildagi sof foydalari qancha bo‘lganini o‘rgandi.

2024-yilda Toshkent shahrida eng ko‘p daromad topgan bozorlardan biri Mirobod dehqon bozori AJ bo‘lgan. Mazkur bozorning bir yillik sof foydasi 3,2 milliard so‘mni tashkil etgan. Jamiyat qarorida foydaning 50 foizi (1,56 milliard so‘mi) davlat byudjetiga dividend uchun, 698,4 million so‘mi xodimlarni rag‘batlantirishga, 897,6 million so‘mi bozor ustav fondini qo‘shimcha aksiyalar chiqarish yo‘li bilan oshirishga yo‘naltirilishi belgilangan.

Keyingi o‘rinni Yunusobod dehqon bozori AJ egallagan. Bozorning 2024-yil yakuni bo‘yicha sof foydasi miqdori 2,5 milliard so‘m bo‘lgan. Tushumning yarmi dividend to‘lashga, 550,8 million so‘mi xodimlarni rag‘batlantirishga, 227,5 million so‘mi debitorlik qarzni hisobdan chiqarishga, qolgan 471,3 million so‘mini bozorni rivojlantirishga yo‘naltirilishi ko‘rsatilgan.

Shaharning eng mashhur dehqon bozorlaridan biri Qo‘yliqning o‘tgan yilgi sof foydasi 2,2 milliard so‘mni tashkil etdi. Foydaning 50 foizi —1,1 milliard so‘m dividend to‘lashga, xodimlar uchun 516,3 million so‘m, bozor ustav fondiga 588,3 million so‘m ajratilishi tasdiqlangan.

O‘tgan yili Oloy dehqon bozori AJ tomonidan 591,8 million so‘m sof foyda olingan. Davlat byudjeti qonuniga ko‘ra, foydaning 50 foizi, yaʼni 295,9 milliard so‘mi aksiyadorlarga dividend to‘lashga yo‘naltiriladi. Foydadan bozorning avvalgi yillardagi zararni qoplashga 172,6 million so‘m, ustav fondini oshirishga 75,9 million so‘m, 29,6 million so‘m zaxira jamg‘armasiga ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bozor 2023-yilda 661,4 mln so‘m sof foyda olgandi.

Maʼlumotlar bazasida keltirilishicha, 2024-yilda Aviasozlar dehqon bozori 77,7 million so‘m sof foyda olgan. Shundan yarmi — 38,8 million so‘m dividend to‘lashga, 45 foizi (34,9 million so‘m) bozorni rivojlantirishga yo‘naltirilishi belgilangan. Mazkur bozor 2023-yilda 98,6 million so‘m sof foyda olgan edi.
Poytaxtning bir biridan mashhur Chorsu (Eski jo‘va) va Farhod dehqon bozorlari o‘tgan yilgi moliyaviy hisoblarni ochiqlamagan.
Izoh (0)