O‘zbekistonda yil boshidan beri bolalarning moddiy ta’minoti uchun jami 597 mlrd so‘mga yaqin aliment pullari undirilgani ma’lum bo‘ldi.
AOKAda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda ijro etish sohasini raqamlashtirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Unga ko‘ra, byuro va Davlat soliq qo‘mitasining elektron hamkorlik tizimi yordamida qarzdor yuridik shaxslarning shaxsiy kabinetiga ijro ishlari haqidagi 46 890 ta qarorlar onlayn jo‘natilib, 1,8 trln so‘mlik hujjatlar ijrosi tamomlandi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida, joriy yilning o‘tgan davrida jami 12,2 trln so‘mlik undiruvlar amalga oshirildi. Fuqarolarning mol-mulkiga daxl qilmasdan va majburiy ijro harakatlari o‘tkazilmasdan axborot texnologiyalari yordamida masofaviy tarzda ishlaydigan 15 ta tumanlararo bo‘limlari tomonidan 621,8 mingta hujjatlar ijrosi ta’minlandi.
Voyaga yetmagan shaxslarning moddiy ta’minoti uchun jami 597 mlrd so‘mga yaqin aliment pullari undirildi. Shuningdek, aliment to‘lash istagi bo‘la turib, lekin ish bandligi bo‘lmagan 5854 nafar fuqarolar ishga joylashtirildi, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 3800 dan ortiq oilalar yarashtirildi.
Muqaddam qonunga xilof ravishda ishdan bo‘shatilgan 170 nafar shaxslar ishga tiklanib, ularga to‘lanmay qolgan 7,4 mlrd so‘mlik ish haqlari hamda 487 mlrd so‘mlik kompensatsiya mablag‘lari undirib berildi.
Alimentdan qochgan otalar haqida
Namangan viloyati Chortoq tumanida aliment to‘lashdan qochib yurgan erkak uy yerto‘lasidan topilgandi. Qarzdor ota tomonidan qarzdorlik 20 million so‘mdan ortgan. Ishlash maqsadida Toshkent shahriga ketgach, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan. Xodimlar tomonidan Toshkentdagi xonadon yashash joylari puxta ko‘zdan kechirilganda, yerto‘laga yashirinib olgani aniqlangan. Unga nisbatan 15 sutkalik maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida aliment to‘lamay qochib yurgan erkak Toshkentdagi molxonadan topilgan. Voyaga yetmagan farzandlari uchun to‘lanmagan aliment miqdori 3 million 200 ming so‘m ekani aytilgan.

Shuningdek, Namangan viloyati Chust tumanida aliment to‘lashdan qochib yurgan erkak Ohangarondan topilgan. O‘tkazilgan suhbat mobaynida qarzdorlik salkam 15 million so‘mga yetgani, uni bartaraf etish lozimligi tushuntirilgan. Qayd etilishicha, u yana mas’uliyatni his etmagan va unga nisbatan jinoyat ishi yuritilgan.
Andijon viloyati Shahrixon tumanida esa aliment to‘lashdan qochib, uyining yerto‘lasida yashirinib yurgan erkak ushlanib, 15 sutkaga qamalgan.
Eng antiqa holatlardan biri, Namangan viloyatida aliment to‘lamay yurgan erkak boshqa xotinining uyida yashiringani aniqlangan. Unda qarzdorlik to‘planib, 24,3 million so‘mga borib yetgan edi.

Shu kabi, Qashqadaryoda MIB xodimi 2 yildan beri qidiruvda bo‘lgan qarzdor erkakni berkinayotgan joyida topib olgan. Tadbir jarayonida xodimlardan biri uyning boloxonasi va tomini tekshirayotgan paytda, ikkinchi xodim yiqitilgan ko‘rpalar tagidan fuqaroni olib chiqdi.
Shu kunning o‘zida qarzdor mavjud 28 million 971 ming so‘m aliment qarzdorligini to‘lamagani sababli Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi tomonidan B.Buxarovga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Surxondaryo viloyati Angor tumanida aliment to‘lamay, 2 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan erkak uy yerto‘lasidan topilgan.

Toshkentda uchta xotiniga aliment to‘lamagan erkakning qarzini 4-xotini to‘lagani haqidagi holat ham kuzatilgan. Shundan so‘ng sud tomonidan qarzdorga nisbatan to‘plangan hujjatlar qayta ko‘rilib, yetkazilgan zarar miqdori qoplangani sababli 15 sutkalik qamoq jazosini to‘liq o‘tamasdan ozod qilingan.

Izoh (0)