Ukraina qurolli kuchlari Astraxan viloyatidagi “Olya” dengiz portiga hujum qildi. Mazkur port Erondan Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berish uchun foydalanilgan. Bu haqda Ukraina armiyasi Bosh shtabi ma’lum qildi.

Portdagi Shahed dronlar uchun butlovchi qismlar ortilgan “Port Olya 4” nomli kemaga 14-avgust kuni zarba berilgan.
Mudofaa kuchlari Rossiya bosqinchilarining harbiy salohiyatiga putur yetkazish va Rossiyani Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzni to‘xtatishga majburlash choralarini ko‘rishda davom etmoqda, deyiladi Ukraina Bosh shtabi bayonotida.
Rossiya hukumati va Rossiya Mudofaa vazirligi portga qilingan hujum haqida ma’lumot bermagan. Rossiya harbiy idorasining 15-avgust kungi hisobotida faqat Qalmog‘iston hududi ustida urib tushirilgan dron haqida so‘z borgan.
Port Kiyevdan uzoqligi 2 000 kilometr, Odessadan (dengiz ustidan uchganda) 1 400 kilometr, bosib olingan hududlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri esa taxminan 900 kilometr masofada joylashgan. Astraxan viloyati gubernatori Igor Babushkin “Olya” porti va kema hujumga uchragani haqidagi xabarga izoh bermadi.
Izoh (0)