Qozog‘iston hukumati birinchi AES qurilishi xarajatlarini 10-15 milliard dollarga baholamoqda. Bu haqda “Qozog‘iston atom elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Timur Jantikin ma’lum qildi.
Hozirda moliyalashtirish manbalari ishlab chiqilmoqda. Bular asosan xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan iborat. Loyiha hali ham hukumat aralashuvisiz, tijoriy loyiha sifatida ko‘rib chiqilmoqda, - dedi u.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 1-sentyabr kuni mamlakat xalqiga murojaatida AES qurish masalasini umumxalq referendumiga qo‘yishni taklif qilgandi. Uning fikricha, bu borada jamoatchilik muhokamalarini davom ettirish zarur.
Avvalroq Qozog‘iston Energetika vazirligi tadqiqot natijalariga ko‘ra Olma-ota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘i hududi atom elektr stansiyasini qurish uchun eng maqbul hudud sifatida tanlangani haqida xabar bergan edi. Hukumat hozirda yadro texnologiyalarining bir nechta potensial yetkazib beruvchilarini ko‘rib chiqmoqda. Bular Xitoyning CNNC, Janubiy Koreyaning KHNP, Rossiyaning “Rosatom” va Fransiyaning EDF kompaniyalari.
Izoh (0)