Moskva viloyatining Shchelkovo shahrida o‘zbekistonlik mast muhojir kar-soqov bo‘lgan 49 yoshli erkak bilan yuz bergan mojaro oqibatida uni shafqatsizlarcha kaltaklab o‘ldirdi. Hodisa 20-iyul kuni sodir bo‘lgan, deb xabar berdi Moskva viloyati prokuraturasi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak chiqindi konteynerlari yonidan o‘tib ketayotganda, mahalliy boshqaruv kompaniyasida yordamchi ishchi bo‘lib ishlayotgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi axlat titkilayotgan bo‘lgan. Shunda kar-soqov imo-ishoralar bilan norozilik bildira boshlagan. Biroq muhojirlarning aytishicha, ular uning imo-ishoralarini tajovuz deb tushunishgan.
Mast holatda bo‘lgan ishchilardan biri erkakning qorniga ikki marta, boshiga bir marta zarba bergan. Erkak biror marta ham qarshilik ko‘rsatmagan. Jabrlanuvchi yiqilib, yerga qattiq urilgan. Shundan so‘ng ular jinoyat izlarini yashirishga urinishgan va jasadni butalar orasiga sudrab, qochib ketishgan.
RBC nashrining xabar qilishicha, tergovchilar kuzatuv kameralari yozuvlari orqali gumonlanuvchining shaxsini aniqlashga va voqeaning to‘liq manzarasini tiklashga erishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, Rossiya hududida noqonuniy ravishda yashagan. Hozirda u qamoqqa olingan, unga “ehtiyotsizlik orqasida odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish” moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Izoh (0)