O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi hamda Rossiyaning “SSKA” klubi yarim himoyachisi Osiyo kubogi final uchrashuvini o‘tkazib yuboradi.
Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar bermoqda. Ta’kidlanishicha, futbolchi Moskvaga yo‘l olgan.
“U-23 Osiyo kubogida terma jamoamizning tarixiy natijasiga munosib hissa qo‘shgan futbolchimiz Abbosbek Fayzullayev kelishuvga muvofiq, navbatdagi muhim o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun Moskvaga yo‘l olmoqda.
O‘FA Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda legionerimizning terma jamoamiz ixtiyoriga yetib kelishiga ko‘maklashgani uchun “SSKA” klubiga minnatdorchilik bildiradi”, — deyiladi O‘FA matbuot xizmati bergan xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev terma jamoa safiga turnir yarmida kelib qo‘shilgan va O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining chorak va yarim final bahslarida asosiy tarkibda maydonga tushgan edi. Futbolchi Saudiya bilan bo‘lgan uchrashuvda Norchayevning goliga hammualliflik qilgan edi.
Bundan tashqari, Abbosbek Fayzullayevning maydon markazidagi faolligi g‘alabalarda asosiy rol o‘ynadi.
O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi final bahsida Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi. Uchrashuv 3-may kuni 20:30 da boshlanadi.
Izoh (0)