Sankt-Peterburgning Lisiy Nos o‘rmonida pichoq jarohatlari bilan, boshiga qop kiydirilgan o‘zbekistonlik erkak topildi. Bu haqda “Dorojniy inspektor” Telegram kanali xabar berdi.

Voqea joyiga yetib kelgan Primorsk tumani IIB xodimlari bilan suhbatda, erkak bir kun oldin Sestroretskda noma’lum shaxslar tomonidan olib qochilganini aytib berdi.
Ma’lum qilishicha, erkak ishdan so‘ng do‘konga kirgan. Shu paytda noma’lum shaxslar uning boshiga qop kiydirib, olib qochib ketishgan. Biroz vaqt o‘tgach, u qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, hujum qilganlar undan 55 ming rubl talab qilayotganini aytgan. Jabrlanuvchini o‘rmonga olib borib bir necha marta pichoqlab, tashlab ketishgan.

Hujum qilganlar qonga belangan pichoqni erkakning yonida qoldirgan. O‘rmonda qonga belanib yotgan erkakni ko‘rgan aholi vakillari tez yordam chaqirishgan va u shifoxonaga olib ketilgan.
Jabrlanuvchi 1997-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. Sodir bo‘lgan hodisaning tafsilotlari tergov jarayonida aniqlanmoqda.
Fevral oyida Sankt Peterburg shahri Moskva tumanidagi qurilishda o‘zbekistonlik migrant halok bo‘lgandi.
Izoh (0)