O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi hamda “Al-Vahda” klubi futbolchisi Hojimat Erkinov ham Osiyo Kubogi final uchrashuvida qatnashmaydi.
Avvalroq Abduqodir Husanov finalda ishtirok etmasligi, “Lans” tarkibiga qaytib ketishi haqida xabar berilgandi. O‘FA matbuot xizmati Erkinov ham hal qiluvchi bahsda Olimpiya terma jamoasiga yordam bermasligini ma’lum qildi.
“O‘FA Qatar maydonlarida o‘tayotgan U-23 Osiyo Kubogida barcha legionerlarimizni terma jamoamizga jalb etishga muvaffaq bo‘lgan edi. Xususan, Abduqodir Husanov va Hojimat Erkinovning klublari bilan asosiy vazifaga qadar — Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Shu sababli, ushbu ikki futbolchi o‘z jamoalari tarkibidagi navbatdagi muhim o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun klublari safiga yo‘l olmoqda”, — deyiladi O‘FA xabarida.
Erkinov musobaqa davomida guruh bosqichida Kuvayt darvozasini ishg‘ol qilgan edi.
Izoh (0)