Sirdaryo tumanida qarzni undirish uchun kelgan ijrochini tepgan erkakka hukm o‘qildi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, qarzdor ayolning ukasi undiruv jarayonlariga dastlab og‘zaki qarshilik ko‘rsatgan. Foydasi bo‘lmagach, tasvirga olib turgan undiruvchini tepib, jarohat yetkazgan. Sirdaryo tumanida sayyor sud majlisida ko‘rilgan mazkur ishda jabrlanuvchi undiruvchilar va tepki muallifi ham so‘roq qilindi.
Sudlanuvchi shu kuni davlat ijrochilari opasi va unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lib, pul topib berishni talab qilaverishganidan asabiylashganini, holatni tasvirga olayotgani sababli oyog‘i bilan ijrochining qo‘lidagi telefonini tepganida xodim jag‘imga tepdi, deb o‘zini yerga tashlab, vahima qilganini, oradan vaqt o‘tib, qilgan ishidan pushaymonligini, undiruvchilardan kechirim so‘raganini bildirdi va suddan yengillik so‘radi.
Ushbu holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilib, Jinoyat kodeksining 219-moddasida (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan sudlanuvchiga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Izoh (0)