2025 PM nomli diametri 50 metr bo‘lgan asteroid 17-avgust kuni Yerga taxminan 384 ming kilometr masofagacha yaqinlashadi. Bu haqda Rossiya Quyosh astronomiya laboratoriyasi xabar berdi.

Yerga 1 million kilometrdan kamroq masofada yaqinlashgan asteroidlar orasida 2025 PM eng yiriklaridan biri sanaladi. Shunga o‘xshash keyingi yaqinlashuv sentyabr oyida bo‘lishi kutilmoqda.
2025-yil 1-avgustda kashf etilgan bu asteroid Yer orbitasini kesib o‘tadigan “Apollon”lar guruhiga kiradi. Uning Quyosh atrofida aylanish davri ikki yildan sal ortiq. Taxminlarga ko‘ra, obyekt kometaga xos xususiyatlarga ega bo‘lmagan ulkan toshli jism bo‘lishi mumkin.
Asteroidning Yer yonidan o‘tishi Toshkent vaqti bilan 17-avgust soat 14:03 da sodir bo‘ladi. Trayektoriyasi faqat boshqa kosmik jism bilan to‘qnashgandagina o‘zgarishi mumkin. Ammo buning ehtimoli juda past. Uning orbitasini aniqlashtirish uchun kuzatuvlar davom ettirilmoqda.
Izoh (0)