O‘zbekiston yengilroq jazo tayinlash moddasi o‘ta xavfli retsidivistlarga qo‘llanilmasligi belgilanmoqda. Bu haqda Oliy sud tomonidan ishlab chiqilib, muhokama uchun e’lon qilingan qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, retsidivizm jinoyatning eng xavfli turlaridan biri hisoblanishi, o‘ta xavfli retsidivist maqomiga ega shaxslar o‘zgaruvchan va ayniqsa voyaga yetmagan shaxslarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olib qonun bilan Jinoyat kodeksida belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki boshqa yengilroq turdagi jazoni o‘ta xavfli retsidivistlarga nisbatan tayinlashga taqiq belgilanmoqda.
Jinoyat kodeksining 57-moddasida (yengilroq jazo tayinlash) sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni e’tiborga olib, alohida hollarda ushbu kodeks maxsus qismining moddasida nazarda tutilgan mazkur jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazoni tayinlashi mumkinligi belgilangan.
Qonun loyihasi bilan ushbu modda 4-band bilan to‘ldiriladi. Unga ko‘ra, moddada keltirilgan qoidalar o‘ta xavfli retsidivistlarga nisbatan jazolar tayinlashda qo‘llanilmaydi.
Ushbu qonun loyihasi muhokamasi 27-oktyabrgacha davom etadi.
Izoh (0)