Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olishga tayyor, ammo Boku hududdagi armanlarning huquqlari va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muloqot o‘rnatishi kerak. Bu haqda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan ma’lum qildi.
“Ozarbayjonning 86,6 ming kvadrat kilometr maydoni tarkibiga Tog‘li Qorabog‘ ham kiradi. Ammo shuni aniqlashtirib olishimiz kerakki, Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarning huquqlari va xavfsizlik masalasi Stepanakert (Tog‘li Qorabog‘dagi shahar) va Boku o‘rtasidagi muloqotda muhokama qilinishi lozim”, — dedi Pashinyan matbuot anjumanida.
Avvalroq Pashinyan Boku va Yerevanning sovet chegaralari bo‘yicha hududiy yaxlitligini o‘zaro tan olishi respublikalar o‘rtasida tinchlik o‘rnatishning zaruriy sharti ekanini ta’kidlagandi.
18-aprel kuni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Tog‘li Qorabog‘ning arman aholisi ikki yo‘ldan birini tanlashi kerakligini aytgan: Ozarbayjon fuqaroligini qabul qilish yoki yashash uchun boshqa joy topish. 5-may kuni Nikol Pashinyan Boku bilan muzokaralarda “bir qator nomuvofiqliklar” borligi, xususan, Tog‘li Qorabog‘ armanlarining xavfsizligi va huquqlarini ta’minlash mexanizmi noaniqligicha qolayotgani haqida gapirdi.
Izoh (0)