AQSH Patriot tizimlarini boshqarish uchun Ukrainaga amerikalik mutaxassislarni yuborishni rejalashtirmayotgani haqida diplomatik kanallar orqali Rossiyani xabardor qilgan. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Birinchi kanal”da “Katta o‘yin” ko‘rsatuviga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Vashingtondagilar aniqlik kritiishicha, bu amerikaliklar “Rossiyaga qarshi bevosita jang olib bormasligi” bilan bog‘liq.
“Bizning elchixonamizda hozircha saqlanib turgan kanallar orqali amerikaliklardan Patriot batareyasini Ukrainaga berish qarori, undan foydalanish bilan bog‘liq murakkabliklarni hisobga olganda, u yerga amerikalik mutaxassislar yuborilishini anglatadimi, yo‘qmi? — deb so‘radik. Bizga rejalashtirilmayotganini yetarlicha mufassil tushuntirishdi, chunki amerikaliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga qarshi jang qilishni istamaydi va bunday qilmaydi ham, Patriot esa ukrainalik harbiy xizmatchilar bu texnologiyani o‘zlashtirib olmagunicha, bir necha oylar mobaynida foydalanishga topshiriladi”, — dedi u.
Avvalroq AQSH ushbu havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi bilan ishlash bo‘yicha ukrainalik harbiylarni o‘qitish dasturini ishlab chiqayotgani ma’lum bo‘lgandi. Oddiy sharoitlarda Patriot operatorlarini tayyorlashga olti oydan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Ukrainalik harbiylar uchun o‘quv dasturi Germaniyada, “Grafenver” poligonida tashkil qilinadi.
AQSHdagi Rossiya elchixonasi Ukrainada Patriot majmualari yetkazib berilishi haqida xabarlar tarqalgach, AQSHni bu qadamning “oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlari” haqida ogohlantirdi.
22-dekabr kuni AQSH Davlat departamenti Ukraina uchun 1,85 milliard dollarlik yangi yordam paketi haqida e’lon qildi, uning doirasida Kiyev Patriot zenit-raketa majmuasini qo‘lga kiritadi.
Izoh (0)