Moskvada Suriya, Turkiya va Rossiya mudofaa vazirlari o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu Suriya va Turkiya rahbariyati vakillarining 2011-yildan beri ilk uchrashuvidir. Muzokaralarda Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar va Milliy razvedka tashkiloti rahbari Hakan Fidan, shuningdek, Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Suriya mudofaa vaziri Ali Mahmud Abbos ishtirok etgan.
“Suriya inqirozi va qochqinlar muammosini hal qilish yo‘llari, Suriyadagi ekstremistik guruhlarga qarshi birgalikda kurashish masalalarini muhokama qildik”, — deyiladi Rossiya vazirligi xabarida.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muloqotning konstruktiv xarakterini va Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida uni davom ettirish zarurligini aytgan.
20-noyabrdan beri Turkiya Suriya shimolida taqiqlangan Kurdiston Ishchilar partiyasi qanotiga qarshi havo operatsiyasini o‘tkazmoqda. Prezident Toyib Erdo‘g‘on operatsiyani muvaffaqiyatli deb atagan va uning ortidan quruqlikdagi operatsiya bo‘lishini ta’kidlagan. Shuningdek, u 2023-yilda Turkiya Suriya bilan chegarada 30 kilometrlik xavfsizlik zonasini yaratish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini bildirgan.
Noyabr oyi oxirida Erdo‘g‘on “vaqti kelganda” Suriya prezidenti Bashar Asad bilan muzokaralar o‘tkazilishini aytgan, hozirda mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar maxsus xizmatlar darajasida davom etmoqda. Hurriyet gazetasi ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi Rossiya prezidenti Vladimir Putin vositachiligida o‘tishi mumkinligini prognoz qilgan.
Izoh (0)