2022-yilning 20-apreli Jizzaxdagi fojiali sellar og‘riqqa aylandi. To‘g‘ri, sel tabiiy ofat. Mavsumiy keladi-yu, qaysidir bino, kimningdir mashinasi, qaysidir yo‘lga yengil, yo og‘ir zarar yetkazadi. Ammo bularga qo‘shib kishilar umriga yakun yasashi chindan fojiali. Ayni shu selda besh kishi halok bo‘lgandi. Ularning uch nafari bir oila a’zosi edi.

Afsuski, ushbu sel odamlar halok bo‘lgan yagona ofat emas. “Daryo” 2019—2022-yillari yuz bergan, zarari-yu yo‘qotishlari ko‘p bo‘lgan talafotli sellarni bir sahifaga jamladi.

Quyida odamlarning joni, moli, uyiga, yo‘llar-u ko‘priklarga hamda turli binolarga ziyon yetkazgan sellar ketma-ketlikda taqdim etiladi.

Seldan keyingi Egizbuloq qishlog‘i

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

Odamlar qurbon bo‘lgan sellar

Besh kishining umrini nihoyalagan Jizzaxdagi sel xronologiyasi

2022-yil 20-aprelda Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sharof Rashidov tumanlarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel oqimlari yuzaga keldi.

Tushdan keyin 1 soat-u, 30 daqiqa davom etgan sel natijasida aholi yashash joylari, ijtimoiy soha obyektlari, ekin maydonlari zararlandi. Odamlar halok bo‘ldi.

FVV hodisa haqidagi dastlabki bayonotida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘qligini aytgan bo‘lsa, shu kunning o‘zida — oradan bir soat ham o‘tmay bergan qo‘shimcha ma’lumotida falokat natijasida Forish tumanining to‘rt fuqarosi — bir erkak va uch nafar ayol halok bo‘lgani aytildi. Oradan bir kun o‘tib viloyat prokuraturasi vafot etganlar soni yana bittaga ko‘payganini ma’lum qildi.

Shu yilning 20-aprelida Jizzax viloyati Forish tumaniga kelgan sel

Foto: Jizzax viloyati FVB matbuot xizmati

“Daryo” ijodiy jamoasi hodisa joyida bo‘lganda aholi vakillari qishloqqa 80 yil ilgari xuddi shunday sel kelgani, undan keyingi yillardagilari bu darajada vahimali va talafotli bo‘lmagani, selning 12 daqiqada qishloq taqdirini hal qilgani, 26 bosh sigir, yuzlab mayda shoxli mollarni oqizib ketgani, bir oilaning uch nafar vakili — yosh ona va uning jajji qizaloqlari sel qurboniga aylangani haqida gapirib berishdi.

Qayd etilishicha, sel hududdagi beshta soydan oqqan sel suvlari qo‘shilishi natijasida yuzaga kelgan.

Rasmiylarning ma’lum qilishicha, sel “Egizbuloq” MFYda joylashgan 263 ta xo‘jalikdan o‘tib, ularning 53 tasini to‘liq yaroqsiz holga keltirgan. 44 tasiga esa o‘rtacha va 163 tasiga yengil darajada talafot yetkazgan. Shuningdek, sel hududdagi 15-maktab va 9-bog‘cha hududiga ham kirgan. 1,5 km ichki yo‘llarga sel suvlari toshishi oqibatida transport vositalari harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Seldan keyin deyarli yaroqsiz holga kelgan uy

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

25 ta xo‘jalikda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq fuqaro vaqtinchalik yashash uchun yaqin qarindoshlarining uyiga ko‘chirilib, ular uchun hayotiy zarur mahsulotlar zaxirasini shakllantirish maqsadida shtab ham tashkil etilgan.

Sel talafot yetkazgan uylar

Foto: “Daryo” / Ilhom Xursanaliyev

Ushbu tabiiy ofatda kimdir bolasini daraxt ustiga chiqarib saqlagan bo‘lsa, yana kimningdir o‘zi kir yuvish mashinasi, stollarning ustiga chiqib omon qolgan. Bir bola 100 metr masofada oqib ketib, tanasi tilingan, ko‘kargan ahvolda bobosi tomonidan arang qutqarib qolingan.

Selda oqib vafot etgan 11-sinf qizining uyi aynan sel yo‘lida joylashgan bo‘lgan. Qizning akasi onasi va singlisini qutqarish uchun ularni ushlagan. Onasini ko‘tarib olib, singlisiga o‘zini qattiq ushlab olishi kerakligini tayinlagan. Ammo, afsuski, qizning qo‘li akasini qattiq ushlolmay, chiqib ketgan va selda oqib ketgan.

Zominda sel kelishi oqibatida opa-ukalar suvga oqib, halok bo‘ldi

2020-yil 1-may. Jizzax viloyatida kuchli yomg‘irdan keyin kuzatilgan suv toshqinida Zomin tumani Shirin QFYda istiqomat qiluvchi opa-uka 2006-yilda tug‘ilgan T.G. va 2011-yilda tug‘ilgan T.F. oqib ketgan.

Zominga kelgan sel

Foto: Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Ta’kidlanishicha, opa-uka oziq-ovqat do‘koniga xarid uchun chiqqan. Ular qishloq hududidan oqib o‘tuvchi soydan o‘tayotgan vaqtda sel kelib oqizib ketgan. T.F.ning jasadi soy bo‘yidan topilgan. T.G. hushsiz holda tuman tibbiyot birlashmasiga keltirilgan, biroq ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay kasalxonada vafot etgan.

Jizzaxda sel kelishi oqibatida 10 yoshli qizcha suvda oqib halok bo‘lgan

2020-yil 5-mayda Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Jiydali qishlog‘ida 10 yoshli qizni soydan sel kelib oqizib ketgani ma’lum qilingan. Qiz dala maydonidan mollarini uyiga haydab kelish uchun soydan o‘tayotgan vaqtida sel toshqini oqibatida suvda oqqan. Uning jasadi soydan 500 metr uzoqlikdan topilgan. Holat haqidagi xabarda surishtiruv ishlari olib borilayotgani aytilgan.

G‘allaorolga kelgan sel

Foto: Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

Andijonda kuchli sel kelishi oqibatida bir oilaning ikki bolasi halok bo‘lgan

2021-yil 6-maydan 7-may kuniga o‘tar kechasi soat 01:00 dan 03:30 larga qadar Andijon viloyati Xonobod shahrining “Teyit” va “Xidirsha” MFYlarida kuchli sel kelishi tufayli 700 ga yaqin xonadon zararlangan.

Sel bosgan xonadon

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Qirg‘iz kanalining toshishi oqibatida bir oilaning ikki nafar voyaga yetmagan 2013 va 2018-yilda tug‘ilgan farzandlari selda oqib ketib, vafot etgan.

FVV matbuot xizmatiga ko‘ra, Qirg‘iz kanali orqali oqib kelgan sel oqimlari Xonobod shahri va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi ko‘chalar orqali 278 ta turar joylarning yashash xonadonlari va hovlisiga kirgan.Tabiiy ofatni bartaraf etish uchun Andijon viloyati IIB YHXB xodimlari tomonidan zarur kuch va vositalar hamda maxsus texnikalar jalb etilgan.

Selning bartaraf etilish jarayoni

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

Foto: “Daryo” / Fazliddin Muqaddasov

Shuningdek, Namangan viloyatning Pop, Kosonsoy va Chust tumanlarida yog‘gan kuchli yomg‘ir sababli Pop tumani “Vodiy” MFY hududida sel oqimlari kuzatilgan. Pop tumani hududidan o‘tuvchi 4P-125 Namangan—Toshkent avtomobil yo‘lining 15-16 kilometrida yo‘l yoqasining yuvilishi, Angren—Pop elektrlashtirilgan temiryo‘lining 103—106 kilometrida temiryo‘l tarmog‘ining taxminan 3 metr qismida tuproq massasining yuvilishi ro‘y bergan.

Voqeaning keyingi tafsilotlarda holat Qirg‘iz kanalining shag‘al bilan to‘lib qolishi oqibatida yuz bergani aytilgan.

Foto: Fazliddin Muqaddasov

Ta’kidlanishicha, 7-may kuni Xonobod shahrida soat 00:30 dan boshlab 40-45 daqiqa davomida kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgan. Natijada katta miqdorda sel toshqin suvlari xalq tilida Qirg‘iz kanali deb nomlanuvchi O‘ng qirg‘oq kanalining PK38+00 qismiga zarar yetkazgan. Shuningdek, kanalning PK42+00 dan PK43+00 gacha bo‘lgan qismi shag‘al bilan to‘lib qolishi oqibatida shahardagi “Teyit” mahallasining ikkita ko‘chasida joylashgan xonadonlarga katta talafot yetgan.

Kosonsoyda sel sakkiz kishining umrini nihoyalagan

2021-yil 13-iyul kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan. Ushbu sel oqimlari 13:35 larda Namangan viloyati Kosonsoy tumani “Obod” MFY hududidan o‘tuvchi Kosonsoy soyidan oqib kelgan. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, sakkiz kishi halok bo‘lgan, olti fuqaro tan jarohati olgan. Halok bo‘lganlarning barchasi Namangan shahridan. Ularning eng kattasi 48, eng kichigi esa 6 yosh bo‘lgan.

“Daryo” muxbiri holat sodir bo‘lgan joyga borib, jabrlanganlar bilan suhbatlashgan.

“13-iyul kuni tongda Kosonsoyga oilamiz ayollarini dam olgani olib chiqqandik. Soat 11.00 lar chamasida o‘g‘illarim — Muhammadyusuf va Abubakrni ham o‘zim bilan birga olib bordim. Tushlik qilib bo‘lganimizdan so‘ng ular soyga, suv bo‘yiga tushib ketishdi. Sal o‘tib, o‘sha tomonda qiy-chuv, to‘polon bo‘lib ketdi. Odamlarni sel oqizib ketdi, deyishdi. Keyin bilsam, ular orasida o‘g‘illarim ham bor ekan. Abubakrni bugun dafn etib keldik. Muhammadyusufni qidiryapmiz, hali topilganicha yo‘q. Bu oilamiz, qarindosh-urug‘larimiz uchun juda katta musibat bo‘ldi, chunki halok bo‘lgan va kasalxonalarga murojaat etganlarning aksariyati bizning yaqinlarimiz”, — deya ta’kidlagan Namangan shahrida istiqomat qiluvchi 30 yoshli Azimjon Ahmadjonov.

Kosonsoyda olib borilayotgan qidiruv ishlari

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

17-iyul kuni qidiruvda bo‘lgan yetti yashar bolaning ham jasadi topilgan. Sel yopirilishi oqibatida jami to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Ularning yetti nafari ayol, ikki nafari o‘g‘il bola.

Seldan jabrlanib kasalxonalarga jami 24 kishi murojaat qilgan. Ularning barchasiga tegishli yordam ko‘rsatilgan va uylariga ruxsat berilgan.

Aholi uylariga zarar yetkazgan sellar

Uchquduqda sel soy o‘zaniga o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni bosib ketgan

2019-yil 3-iyun kuni Navoiy viloyatining Uchquduq tumaniga kuchli shamol va yomg‘ir oqibatida sel kelgan. Natijada “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan “Yo‘lchilar” ovul fuqarolar yig‘inidagi 21 ta xonadonning hovli qismini suv bosib, ikkita xonadonning ko‘cha tomondan o‘rab turgan devori qulagan. Faqat bitta xonadonning uy qismiga bir metr emas, 20 santimetr suv kirgan.

Seldan keyingi ovul

Foto: Umida Zafarova

Sel ovuldan o‘tuvchi kengligi olti metr bo‘lgan yo‘lning bir qismini ham yuvib ketgan. Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ovul xonadonlari vaqtincha elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, sel kelgan kuniyoq hodisa joyiga tuman hokimi va mutassadi tashkilotlar rahbarlari yetib borgan. Holat yuzasidan shtab tuzilgan.

Yo‘l bo‘limi xodimlari tomonidan uylar ichida yig‘ilgan suv chiqarib tashlangan.

Rasmiylarga ko‘ra, ovuldagi ba’zi uylar o‘zboshimchalik bilan soy o‘zaniga qurib olingan. Aholi bu haqda avvaldan ogohlantirilgan, ammo xavfsizlik choralari ko‘rilmagani bois, ayrim xonadonlarni sel bosgan. Shuningdek, toshqinlar tuman markazi Uchquduq shahrida ham kuzatilgan.

Ovuldagi xonadonlardan biri

Foto: Umida Zafarova

Xabarda yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqilayotgani va shunga qarab, zarar yetgan uylar ta’miriga yordam berilishi aytilgan.

Kuchli yomg‘ir va sel Quyi Chirchiqdagi 48 ta xonadonga talafot yetkazdi

2019-yil 3-iyun kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi “Ibrat” MFYda kuchli yog‘ingarchilik oqibatida sel kelgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, sel 48 ta xonadonga talafot yetkazgan.

Sel bosgan yo‘llar

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Holat haqidagi xabarda viloyat hokimi farmoyishiga muvofiq xonadonlarga yetkazilgan talafotni o‘rganish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha viloyat komissiyasi tuzilgani, komissiya a’zolari esa zudlik bilan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish, yetgan talafotni aniqlash, fuqarolarni xavfsiz joyga ko‘chirish, ularni oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rayotgani aytilgan.

Chiroqchiga kelgan sel 32 ta xonadonga talafot yetkazgan. Ikkita uy qulab tushgan

2020-yil 8-may kuni kech soat 20:00 da Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi Qizilchovra qishlog‘iga sel kelgan. Natijada 32 xonadonga talafot yetgan, ikki uy qulab tushgan.

Seldan talafot ko‘rgan uylardan biri

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri voqea joyida bo‘lib, aholi bilan suhbatlashgan. Sunnat Tovsharovning aytishicha, otasi yashayotgan uy sel oqibatida qulab tushgan. U otasini uydan o‘z vaqtida olib chiqqanlari, yo‘qsa, ichkarida qolib ketishini aytgan.

Tasdiqlanishicha, mazkur sel jala oqibatida yuzaga kelgan. Fermerlar ekin maydoni oldidagi zovur o‘z vaqtida tozalanmagani sabab ekin maydonidan tushgan suv zovurdan toshib qishloqdagi aholi xonadonlariga kirib borgan.

Sel bosgan qishloq

Foto: “Daryo”

FVB mas’ulining qo‘shimcha qilishicha, aholining yashash uylaridan tashqari oshxona, molxona va qo‘shimcha binolari ham qulab tushib, ekin maydonlari loyqa suv ostida qolgan.

Yashash uyi qulab tushgan Shobdulla Mengliyev sel kechki payt soat 20:00 da kela boshlagan bo‘lsa, uy devorlari zarar yetishi oqibatida tongda, taxminan, 03:00 larda qulab tushganini ta’kidlagan.

Ma’lum bo‘lishicha, qishloqda qulab tushgan har ikki uy ham 1990-yillarda qurilgan uylar bo‘lgan. Uyi qulab tushgan 75 yoshli Cho‘lbuvi momo Boynazarova uysiz qolgach, qo‘shnisining uyidan qo‘nim topgani aytilgan.

Aholi vakillaridan O‘ktam Dilmurodovning ma’lumot berishicha, bevaqt kelgan sel uning nafaqat uyiga, tomorqasidagi ekinlari-yu, har yili hosil oladigan bananlariga ham zarar yetkazgan.

Uydagi xonalardan birining seldan keyingi tasviri

Foto: “Daryo”

Yana bir fuqaro Nargiza Boyjigitova seldan xabar topib hududga kelgan Favqulodda vaziyatlar hamda Yong‘in xavfsizligi xodimlari aholiga yordam berishga ojizlik qilganini aytgan bo‘lsa, keyinchalik FVB axborot xizmati buni rad etgan.

“Holatni bartaraf etish maqsadida, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi va tumanning mexanizatsiyalashtirilgan otryadlari kuch va vositalaridan jami olti dona suv tortishga mo‘ljallangan nasos, uchta qazuvchi ekskavator, bir dona yuklovchi (pogruzchik) va ikkita tashuvchi texnika, ikkita yong‘in-qutqaruv mashinasi hamda 22 nafar shaxsiy tarkib jalb qilingan. Shuningdek, mavjud holatni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Qamashi, Yakkabog‘ va Kitob tumani FVB bo‘limlarning kuch va vositalari yordamga olib kelingan”, — deyilgan munosabatda.

“Loy”ga to‘lgan uy ichi

Foto: “Daryo”

Keyinchalik viloyat axborot xizmati barcha sektor rahbarlari ishtirokida shahardagi vaziyat va aholining ayni paytdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayoti o‘rganib chiqilgani, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, bir oyga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalari ulashilgani, tez fursatlarda ularning uy-joylari qayta ta’mirlanib, aholining barcha kamchiliklari bartaraf etilishi haqida xabar bergan.

Seldan tozalanayotgan yo‘llar

Foto: Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati

Surxondaryodagi kuchli yomg‘ir va seldan so‘ng yuzlab xonadonlar suv ostida qolgan

2021-yil 6-may kuni Surxondaryo viloyatining Sherobod va Qumqo‘rg‘on tumanlarida yog‘gan kuchli yomg‘ir oqibatida sel oqimlari yuzaga kelgan.

Ma’lum qilinishicha, Sherobod tumanidagi Qorabog‘ qishlog‘i va “Uchyog‘och”, “Guliston”, “G‘o‘rjak-2” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 16 ta, Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Azlarsoy”, “Bog‘aro” va “Elobod” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 340 ta aholi xonadonlari va tomorqasini sel bosgan.

Sel bosgan ko‘chalar tozalanmoqda

Foto: FVV matbuot xizmati

Holat haqida xabarda tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etish ishlari olib borilayotgani aytilgan.

Aholi moliga zarar yetkazgan sellar

Sharof Rashidov tumanida sel o‘nlab qoramollarni oqizib ketgan

2020-yil 29-aprelda Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida sel o‘nlab mollarni oqizib ketgan. Ularni qutqarishning iloji bo‘lmagan.

Holat haqidagi xabarda FVV halicha bunga rasmiy munosabat bildirmagani, vazirlik o‘z sahifalarida 1—2-may kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Kaspiy dengizining janubiy tumanlari ustida shakllangan nam havo oqimi kirib kelishi kutilayotgani haqida xabar bergani aytib o‘tilgan. Vaziyat haqida keyingi tafsilotlar mavjud emas.

Kattaqo‘rg‘onda uylarni, Ishtixonda uzumzorlarni suv bosgan, Payariqda ko‘priklar buzilib ketgan, ona-bola echkilar ham suvga botgan

2020-yil 28-mart kuni Samarqand viloyatining ko‘plab tumanlariga sel kelgan. Kattaqo‘rg‘on tumanining Oltinsoy, Jarboshi, Moybuloq qishloqlariga katta sel kelgan. “Hammaning uyi suv ostida qoldi. Suv borgan sari ko‘payapti”, — deya bunga munosabat bildirgan tumandagi sellardan birini videoga olgan fuqaro.

Kattaqo‘rg‘ondagi sellar oqibatida mashinalar ham oqib ketgani haqida xabarlar tarqalgan. Mahalliy aholining qayd etishicha, “bunaqangi sel tarixda bo‘lmagan”.

Kattaqo‘rg‘onda sel oqizib ketayotgan mashina

Foto: “Daryo” mushtariyi

Payariq tumani “G‘allakor” mahallasida istiqomat qiluvchi “Daryo” mushtariyi taqdim etgan videoxabarga ko‘ra, “tinimsiz yog‘gan yomg‘ir oqibatida” hududda sel kuzatilgan. “Narigi sohilga o‘tish imkoni yo‘q, ko‘priklar buzilib ketdi”, — deydi video ortidagi ovoz sohibi.

Shuningdek, tumanidagi 4K-560 Boltali—Bog‘oloni—Ziyovuddin yo‘lining 12—13-kilometrlari oralig‘idagi zovur ko‘prigi katta talafot ko‘rgan.

Kuchli yomg‘ir oqibatida Ishtixon tumanida ham juda katta sel kelgan. “Uzumzorlarni sel bosib ketdi, u yoqda uylarga ham sel chiqqan — odamlarning uyini olib ketyapti. Ancha yildan beri bunaqangi ko‘p suv kelmagandi”, — deya ta’kidlagan mahalliy aholi vakillaridan biri o‘z videoxabarida.

28-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda faol aylangan videoxabarlardan yana birida bu selda oqib ketgan echki-uloqchalarni ko‘rish mumkin. “Mana, selda qolib ketganlarini endi topib kelyapmiz. Ona-bola echki botib qolgan. Bularni endi asta chiqarib olish kerak — o‘zi hech qachon chiqolmaydi”, — degan ommalashib ketgan videoxabar muallifi kadr ortida.

Namanganda sel ikkita mashinani oqizib ketgan

Namangan viloyatida 2020-yil 5-may kuni kuchli yomg‘ir va do‘l yog‘gan. Yog‘ingarchilikdan so‘ng kechki 18:00 atrofida To‘raqo‘rg‘on tumani Quyimozor qishlog‘ida sel kelishi kuzatilgan.

Telegram’dagi “Namanganliklar” kanalida e’lon qilingan videoda sel oqimi ikkita mashinani oqizib ketganini ko‘rish mumkin. Mashinalardan biriga katta quvurlar ham kelib urilgan.

Dala yumushlarini bajarib, “GAZ 24” mashinasida uyiga qaytayotgan Sanjar Soliyev Kosonsoyni kechib o‘tayotganida suv ko‘paygani va oqim tezligi sabab boshqaruvni yo‘qotgan. Uning “Daryo” muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda ta’kidlashicha, mashinada ayalari, jiyanlari ham bo‘lgan. Ularni tushirishga ulgurganidan keyin mashinani suv surib ketgan. Shundan so‘ng tuman FVB ga qo‘ng‘iroq qilgan va ular mashinani seldan olib qolgan. Qayd etilishicha, yana bir fuqaroning “VAZ 2107” mashinasi ham qutqarib qolingan.

Sel oqizib ketgan mashinaning chiqarib olinish jarayoni

Foto: To‘raqo‘rg‘on tuman FVB

Ma’lumot uchun: “O‘zgidromet” yetakchi mutaxassisi Erkin Abdulahatovning qayd etishicha, so‘nggi 16 yillik (2005—2021-yillar)da O‘zbekistonda sel-suv toshqinlaridan 70 kishi halok bo‘lgan. Ularning aksari mashinasida selni kechib o‘tish jarayonida ofat qurboni bo‘lgan.

Nurota tumanida sel tirkamasida odam bo‘lgan mashinani oqizib ketdi

2020-yil 28-martida kunning birinchi yarmida Navoiy viloyatining Nurota tumanida sel kuzatilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Nurotadagi o‘z o‘zanidan o‘tayotgan sel tirkamasida odam bo‘lgan mashinani oqizib ketayotgani aks etgan video tarqalgan. Video davomida tirkamadagi odam sohilga chiqib olishga urinayotgani, hodisa guvohlari esa unga yordamga shoshayotganini ko‘rish mumkin.

Holat haqidagi xabarda hodisa yakuni, jumladan, tirkamada oqqan odamning holati haqida hozircha aniq ma’lumot yo‘qligi aytilgan va keyinchalik ham bu mavzuga oid tafsilotlar berilmagan.

Popda sel oqizib ketgan avtomobillar

Namangan viloyati Pop tumani tog‘li “Imomota” MFY hududlaridagi soyda 2021-yil 20-iyul kechasi kuchli sel bir qancha avtoulovlarni oqizib ketgan. Namangan viloyat FVB kuchli sel natijasida jabrlangan yoki halok bo‘lganlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Quyida sel oqizib ketishi oqibatida jiddiy zarar ko‘rgan avtomobillar surati keltiriladi.

Deyarli to‘lig‘icha qum va tosh uyumi ostida qolgan Nexia

Foto: Telegram

Sel oqizib ketishi oqibatida jiddiy zarar yetgan Lacetti

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Foto: Telegram

Foto: Telegram

2022-yil 13-mart kuni ham O‘zbekistonning qator hududlariga sel keldi.

Samarqand viloyati Qo‘shrobod tumani “Oktabr” qishlog‘idan oqib o‘tuvchi soyga kelgan sel mashinalarning yurishi uchun noqulayliklar tug‘dirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda selda qolganiga qaramay mashinalarning seldan chiqishga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin.

Jizzax viloyati Forish tumani qishloqlaridan biriga kelgan sel hududdagi maktab, bolalar bog‘chasi bino inshootlariga ham zarar yetkazgan.

Yo‘l va ko‘priklarga zarar yetkazgan sellar

Qatnov yo‘lini yaroqsiz qilgan sel

2019-yil 9-iyul kuni soat 16:00 da Qamchiq dovonida kuzatilgan kuchli yomg‘ir yog‘ishi va Ertoshsoyga quyiladigan Sapramat soyida suv sathining ko‘tarilishi natijasida dovonda joylashgan Ertosh aholi yashash punkti hududida sel-toshqin holati kuzatilgan.

Qamchiq dovonidagi sel talafotlari bartaraf etilmoqda

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Natijada 27 ta xo‘jalik qatnovini amalga oshiradigan ichki yo‘lning 200 metr qismiga tosh-loyqa massasini kelib tushib qatnov uchun yo‘lni yaroqsiz holga kelib qolgan.

Holat yuzasidan 10-iyul kuni sel-toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun maxsus shtab tashkil etilib shu kunning o‘zida maxsus texnikalar yordamida yo‘lda qatnov tiklangan.

Samarqand—Qarshi yo‘li va Jom ota qabristonini suv bosgan

2020-yil 4-may kuni, taxminan soat 15:00 da Samarqand viloyatining Nurobod tumanidagi “Girdiqo‘rg‘on” va “Do‘stlik” mahallalari hududida kuchli jala quyishi natijasida sel kelgan. Oqibatda Samarqand—Qarshi yo‘lini suv bosgan.

Ma’lum qilinishicha, “Girdiqo‘rg‘on” mahallasidagi Jom ota qabristoni yonida joylashgan quvurga suv bilan oqib kelgan tog‘ toshlari tiqilib qolgan.

Qabristonning 50 kvadrat metr maydonini ham suv bosgan. Bundan tashqari, Samarqand—Qarshi A-378 avtomobil yo‘lining “Do‘stlik” mahallasi hududidan o‘tuvchi 52-kilometrida joylashgan quvurga ham tog‘ toshlari tiqilib qolishi natijasida sel asfalt yo‘l ustidan o‘tgan.

Holat yuzasidan tuman Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, tuman prokurori va tuman IIB boshlig‘i va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda avtomagistral yo‘lning asfalt qoplamasidagi loyqa cho‘kindilar va quvurlar maxsus transport vositalari yordamida tozalanib, xavf bartaraf etilgan.

Sel loylaridan tozalanayotgan asfalt yo‘l

Foto: “Daryo”

Prokuratura sel natijasida jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Farg‘onada sel kelishi oqibatida ko‘prikka zarar yetgan

2021-yil 4-avgust kuni kunning ikkinchi yarmida Farg‘ona viloyati So‘x tumani Hushyor sel o‘zaniga qo‘shni Qirg‘izistondan sel kelgan.

Sel tumandagi ichki yo‘lni bir-biri bilan bog‘laydigan ko‘prikni zararlagan. Aholi yashash hududlariga talafot yetkazmagan.

Foto: Videodan kadr

“Hushyor” aholi yashash hududlariga yaqin “O‘zgidromet”ning “Sarikanda” meteorologik stansiyasida qisqa vaqt oralig‘ida umumiy 14,5 millimetr miqdorda jala yog‘gan.

Kosonsoyda avtomobil yo‘li o‘pirilgan, Qamashida yo‘l yuvilib ketgan

2022-yil 17-mart kuni Qashqadaryo viloyatiga kelgan sel Kosonda avtomobil yo‘lini o‘pirib tashlagan bo‘lsa, Qamashida yo‘lni yuvib ketgan.

Foto: Qamashi tumani hokimligi

Qayd etilishicha, Koson tumanining “Rahimso‘fi” mahallasi Bo‘rixona qishlog‘i hududidan o‘tgan mahalliy ahamiyatdagi qatnov yo‘lining o‘pirilib tushishi oqibatida mazkur yo‘lda qatnov to‘xtatilib, yopib qo‘yilgan.

Foto: Koson tumani hokimligi

Tuman hokimligi axborotida hodisa nazoratga olingani aytilgan. Bo‘rixona qishlog‘i ichidagi yo‘lda qatnov to‘xtatilgani bois fuqarolar tuman markaziga Toshli qishlog‘idagi ichki yo‘ldan o‘tib borishi ma’lum qilingan.

Qamashi tumanidagi sel esa 4K—298 Sho‘rcha—Qamashi—Xontushdi avtomobil yo‘lidagi yo‘lni yuvib ketgan.

“Hozirda ushbu yo‘lda transport vositalari harakatlari to‘liq to‘xtatilgan. Aholi vaqtinchalik 4K-430 Qamashi—Chimqo‘rg‘on va 4R Qarshi—Shahrisabz avtomobil yo‘li orqali tuman markaziga kirib bormoqda. Aynan shu yerdan yangi ko‘prik qurilishi boshlangan. Tez orada ushbu yo‘lda avtotransport vositalari harakatlanishi uchun sharoit yaratiladi”, — deya bayonot bergan Qamashi tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Nurbek Rasulov.

Ekinlarga zarar yetkazgan, aholi evakuatsiya qilingan sellar

Qashqadaryo viloyati Doniyorshayx qishlog‘iga kelgan sel

2019-yil 28-mart kuni kechki payt soat 18:00 ga yaqin Qashqadaryo viloyati Doniyorshayx qishlog‘iga sel kelgan. Bunga 28-mart kuni kechki payt soat 17:00 da tog‘ etagida yarim soat yoqqan do‘l sabab bo‘lgan. Ikki soat davom etgan sel yo‘llarni yuvib ketib, aholi ekiniga zarar yetkazgan.

Qayd etilishicha, bu 14 yil ichida kelgan uchinchi sel bo‘lgan. Bundan avval 2007—2015-yillarda shu kabi vahimali sel kelgan bo‘lib, qishloq o‘rtasidagi ko‘prik talabga javob bermagani sabab ko‘prik ustidan o‘tib, aholi xonadonlariga ham kirgan. Bu safar ham shunday bo‘lgan.

Sel yuvib ketgan yo‘l.

Foto: “Daryo”

Kuchli va katta-katta yoqqan do‘l qishloq o‘rtasida joylashgan ko‘prik tagidagi “truba”ga tiqilib qolib, o‘tmay qolishi natijasida sel ko‘prik ustiga chiqqan. Kuchli oqim bilan kelgan sel ko‘prik ustidagi beton to‘siqlarni ham olib ketgan.

Seldan jabrlanganlar bo‘lmagan. 5–6 ta xonadon hovlisiga kirib borgan loyqa suv tozalangan. Biroq qishloqqa olib kiruvchi taxminan 500–600 metr uzoqlikdagi yo‘lni butkul yuvib ketgan.

Zarafshondagi sel natijasida 300 nafar fuqaro evakuatsiya qilingan

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida 2020-yil 13-mayga o‘tar kechasi kuchli yomg‘ir oqibatida sel kelgan. Aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, kuchli shamol bilan birga kechgan jala soat taxminan 1:00 da boshlangan, FVV ma’lumotlariga ko‘ra, kuchli yomg‘ir soat 2:30 dan 4:30 gacha bo‘lgan oraliqda kuzatilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xavf ostida qolgan kamida 300 nafar fuqaro evakuatsiya qilingan. Qutqaruv ishlariga kamida viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 9 ta texnikasi va 70 nafar shaxsiy tarkibi jalb etilgan.