Namangan shahrida hamkorlikda olib borilgan tezkor tadbirlar davomida tamagirlik bilan shug‘ullanib kelayotgan guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Namangan shahridagi bir guruh shaxslar foizga pul berib kelgan. Pulni berish avvalida foizlarni qanday hisoblanishi haqida batafsil ma’lumot berilmagani sabab, qarzdorlarning qarzi bir necha barobarga oshib ketavergan. Masalan, ayollardan biri 600 dollar olgan bo‘lsa, 36 million so‘m qarzga kirib ketgan. Ayol ular bilan qarzni 20 million so‘mga yopishga kelishgan. Ushbu pullarni qo‘lga kiritgan guruh qolgan mablag‘larni talab qilishni davom etgan. Oxir-oqibat ayol o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Aniqlanishicha, uyushgan guruhning to‘rt nafar a’zosining har biri muqaddam sudlangan shaxslar bo‘lib, ular asosan telefon apparatlari qarzga berib, o‘tgan har hafta uchun qo‘shimcha pul talab qilgan. Agar belgilanmagan pullar o‘z vaqtida qaytarilmasa, o‘ldirish bilan qo‘rqitib, ruhiy tazyiq o‘tkazib, tovlamachilik qilib kelgan.
Namangan viloyati IIB Jinoyat-qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi, Namangan shahar IIO FMB Odam savdosiga qarshi kurash bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur guruh a’zolari qo‘lga olingan.
Holat bo‘yicha Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Samarqandda taksi haydovchilardan pul undirib kelgan yana bir jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)