Realme kompaniyasi o‘zining yangi subflagman apparati — GT Neo 2’ni taqdim etdi. Yangi model xaridorlarni kuchli protsessor va narx uyg‘unligi orqali o‘ziga jalb etishga mo‘ljallangan, deb xabar beradi “Afisha.uz”.
Smartfon Samsung tomonidan ishlab chiqarilgan Full HD+ sifatni qo‘llab-quvvatlovchi AMOLED-displeyga ega bo‘lgan bo‘lib, undagi tasvir yangilanish chasotasi 30 dan 120 gertsgacha o‘zgaradi. Barmoq izi skaneri displey ostida joylashgan. Telefondagi kameralar soni to‘rtta: 64 megapikselli asosiy, 8 megapikselli ultra keng burchakli, 2 megapikselli qo‘shimcha va 16 megapikselli frontal.
Apparat ichiga olmosli gelga asoslangan ilg‘or sovitish tizimiga ega Qualcomm Snapdragon 870 protsessori o‘rnatilgan, u chipning yuklama ostida ham barqaror ishlashini ta’minlaydi. Smartfon 6, 8 yoki 12 gigabaytli tezkor va 128 yoki 256 gigabaytli ichki xotira yordamida ishlaydi. Sig‘imi 5000 mA/soatga teng akkumulyator 65 vattgacha bo‘lgan tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega bo‘lib, u 36 daqiqa ichida qurilmani 100 foizga quvvatlantira oladi.
Qurilma yorqin yashil, ko‘k va qora variantlarda taqdim etiladi. Rasmiy narxi — 370 dollar.
Avvalroq Realme GT — Snapdragon 888 protsessorida ishlaydigan eng arzon smartfon taqdim etilgan edi.
Izoh (0)