Ingliz yozuvchisi, jurnalisti va publitsisti Jorj Oruell tavalludiga 25-iyun kuni 118 yil to‘ldi. O‘zbek o‘quvchisi uni, dunyoning istalgan boshqa mamlakatidagi kitobxon kabi, “Molxona” (“Animal Farm: A Fairy Story”) rivoyat-qissasi va “1984” (“Nineteen Eighty-Four”) romanlari orqali taniydi. Qayd etish joiz, “1984” antiutopiya janrining eng yuksak namunalaridan biri hisoblanadi. Ehtimol, aynan shu romani sabab Oruell Britaniyaning 1945-yildan keyingi eng buyuk 50 yozuvchisi qatoridan o‘rin olgandir.
Oruell ushbu romanni o‘limidan bir yil avval, 1949 yili chop ettirgan bo‘lsa-da, u hali ham bestsellarlar qatorida. Roman 2003-yili BBC talqini bo‘yicha 200 ta eng yaxshi kitob ro‘yxatida sakkizinchi bo‘lgan. The Times gazetasi 2009-yili “1984”ni so‘nggi 60 yilda chop etilgan 60 kitobdan biri deya e’tirof etgan. Newsweek jurnali esa barcha zamonlar va xalqlarning eng yaxshi kitoblari reytingida ikkinchi o‘ringa loyiq ko‘rgan.
Totalitarizm, senzura va avtoritarizm mavzulari muhokamasi vaqtida tez-tez qo‘llaniladigan “fikr jinoyat”, “fikr politsiyasi”, “katta og‘a”, “yangitil” kabi atamalar manbai aynan “1984”dir. Roman uchun xomashyo vazifasini, xuddi “Molxona” qissasida bo‘lgani kabi, SSSR o‘tab bergan. Shu boisdan asar Sovet Ittifoqida 1988-yilga qadar taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatida turgan. “Oruell asarlari Sho‘ro tuzumini fosh qilishda o‘sib kelayotgan ozodlikni anglash jarayoniga xizmat qildi”, — deb yozadi Nazar Eshonqul.
“Daryo” yozuvchining tavallud kuni munosabati bilan “1984” romanidan bir bobni (Karim Bahriyev tarjimasida) mushtariylar e’tiboriga havola qiladi.
Uinston to‘rtta tekislangan qog‘ozni ko‘rib chiqdi. Har birida — bir-ikki satrli topshiriq, telegraf tilida yozilgan, bu Yangitil bo‘lmasa-da, Yangitil so‘zlaridan iborat edi va vazirlikda faqat ichki iste’mol uchun qo‘llanilardi. Topshiriqlar shunday tusda edi:
tayms 17.03.84 nutq k.o. aylantirish afrika aniqlash tayms 19.12.83 4 kvartal rejasi 83 bosmaxatolar kelishtirish bugungi son bilan tayms 14.02.84 farvaz bayonoti aylantirish shokolad aniqlash tayms 03.12.83 qo‘shplyus bayon etilgan talab k.o. tilga olinganlar shaxslarmas qayta yozish oralab yuqoriga taxlamlar
Uinston sokin bir qoniqish bilan to‘rtinchi varaqni chetroqqa surib qo‘ydi. Bu juda nozik va mas’uliyatli topshiriq, uni oxirida bajargan ma’qul. Qolgan uchtasi — odatiy topshiriqlar, garchand ikkinchisi uchun, ehtimol, raqamlarni sinchkovlik bilan tekshirishga to‘g‘ri keladi.
Uinston telekranga “eski sanalar” so‘zlarini terdi — “Tayms”ning eski sonlarini so‘radi; bir necha daqiqadan so‘ng pnevmatik quvur orqali bu sonlar kelib oldiga tushdi. Varaqlarda gazeta maqolalari va xabarlari bo‘lib, ularni u yoki bu sabablarga ko‘ra o‘zgartirish yoki, rasmiy til bilan aytganda, tuzatish lozim edi. Masalan, “Tayms”ning 17-martdagi xabaridan ma’lum bo‘lishicha, yaqinda Katta Og‘a o‘zining nutqida janubiy hind jabhasida sokinlik bo‘lishini va Yevrosiyo qo‘shinlari Shimoliy Afrikada tezda hujumga o‘tishlarini bashorat qilgandi. Ammo yevrosiyoliklar Janubiy Hindistonda hujumga o‘tdilar, Shimoliy Afrikada hech qanday harakat qilmadilar. Katta Og‘aning nutqidagi shu jumlani shunday qayta yozish kerakki, Katta Og‘a voqealarning aslida yuz berganidek bashorat qilgan bo‘lsin. Yoki, yana shu, “Tayms” 19-dekabr sonida 1983-yilning to‘rtinchi kvartalida, ya’ni, to‘qqizinchi uch yillikning oltinchi kvartalida iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqarishning rasmiy taxminini chop etgandi. Bugungi sonda amaldagi ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari chop etilgan bo‘lib, ma’lum bo‘lishicha, rasmiy taxmin butkul xato bo‘lgan ekan. Uinston bugungi raqamlarga mos kelishi uchun dastlabki raqamlarni aniqlashtirishi lozim edi. Uchinchi varaqda juda oddiy, bir daqiqada tuzatib qo‘ysa bo‘ladigan xato haqida so‘z borardi. Uzoq emas, shu yilning fevralida Farovonlik vazirligi 1984-yilda shokolad taqsimoti me’yorini o‘zgartirmaslikka va’da bergandi (rasmiy tilda aytganda, qat’iy ta’kidlagandi). Aslida esa, Uinston ham buni telekrandan eshitdi, shu haftaning oxirida tarqatiladigan shokolad miqdorini 30 grammdan 20 grammga kamaytirishga qaror qilindi. Endi u gazeta xabaridagi eski va’dani aprelda me’yor qisqartirilishi ehtimoli borligi haqidagi boshqa matn bilan almashtirib qo‘ysa kifoya edi.
Dastlabki uchta topshiriqni bajarib bo‘lgach, Uinston ovozyozgichdan olingan tuzatilgan nusxalarni “Tayms”ning tegishli sonlari bilan biriktirib, pnevmatik quvur orqali jo‘natib yubordi. Keyin deyarli g‘ayrishuuriy tarzda olingan varaqlarni va o‘zining ishlash paytida yozgan qaydlarini yoqib yuborish uchun xotira tuynugiga tiqdi.
Pnevmatik quvurlar ulangan ko‘z ko‘rmas labirintlarda nima yuz berishini u aniq bilmasdi, faqat umumiy tasavvurga ega edi. Gazetaning tegishli soniga oid barcha tuzatishlar jamlanib, tekshirilgach, uni yangidan chop etishadi, eski nusxalarini yo‘q qilishadi va o‘rniga yangi tuzatilganini tikib qo‘yishadi. Nafaqat gazetalar, balki kitoblar, jurnallar, broshyuralar, plakatlar, varaqalar, filmlar, fonogrammalar, karikaturalar, fotosuratlar — siyosiy va g‘oyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin barcha adabiy va hujjatlar uzluksiz tuzatib turiladi. Har kuni va hatto har daqiqa o‘tmish bugungi kunga muvofiqlashtiriladi. Shuning uchun partiyaning har qanday bashorati hujjatlar bilan tasdiqlanadi; yozuvlarda kun ehtiyojiga zid bo‘lgan birorta xabar, birorta fikr bo‘lishi mumkin emas. Tarixni ko‘hna teriga ishlov berganday har kuni qirtishlab, tozalab, yangidan yozishadi — qancha zarur bo‘lsa, shuncha o‘zgartirishadi. Keyin buning soxta ekanligini isbotlaydigan birorta yo‘l qolmaydi.
Hujjatlar bo‘limining eng katta sho‘’basida — bu sho‘’ba Uinston ishlaydigan sho‘’badan ham juda katta edi — yo‘qotish va almashtirish lozim bo‘lgan gazetalar, kitoblar va boshqa nashrlarning barcha nusxalarini izlab topish hamda jamlash bilan shug‘ullanishardi. “Tayms” gazetasining siyosiy xatolar va Katta Og‘aning xato bashoratlari tufayli o‘nlab marta qayta chop etiladigan soni taxlamda baribir avvalgi sana bilan tikib qo‘yiladi, uni inkor etadigan birorta nusxasi qoldirilmaydi. Kitoblar ham qayta-qayta yig‘ib olinadi, o‘zgartiriladi, ammo bu o‘zgarishlar haqida aytilmaydi. Uinston oladigan va bajarilgach darhol yo‘q qilinadigan buyruqlarda ham soxtalashtirish haqida gapirilmaydi, balki xatolar, buzib talqin qilingan iqtiboslar, pisandalar, aniqlashtirish uchun tuzatiladigan bosma xatolar aytiladi.
Umuman olganda, o‘yladi u, Farovonlik vazirligining arifmetikasini o‘zgartirish hatto soxtalashtirish emas. Bu bir safsatani boshqa safsata bilan almashtirish, xolos. Sening yozgan materialing jo‘yali aytganda voqelikdagi hayotga aloqasizdir — hatto ochiqdan-ochiq yolg‘onni yozsang ham. Dastlabki statistika ham uning o‘zgartirilgan varianti kabi soxta bo‘ladi. Ko‘pincha uni to‘qib chiqarishga to‘g‘ri keladi. Masalan, Farovonlik vazirligi to‘rtinchi kvartalda 145 million juft poyabzal ishlab chiqarishni rejalagandi. Xabar qilishadiki, haqqoniy hayotda 62 million juft poyabzal ishlab chiqarilgan. Uinston esa, rejani qayta yozib, undagi raqamni 57 millionga o‘zgartiradi, chunki reja, har doimgiday oshirib bajarilgan bo‘lishi lozim. Har holda, 62 million 57 millionga yoki 145 millionga nisbatan haqiqatga yaqinroq emas. Mamlakatda oyoq kiyim umuman ishlab chiqarilmagan, deb taxmin qilish ham mumkin. Yana ham, ehtimol, qancha ishlab chiqarilganini hech kim bilmaydi va bilishni ham istamaydi. Faqat bir narsa ma’lum: har kvartalda qog‘ozda astronomik sonlarda poyabzal ishlab chiqariladi, ayni paytda Okeaniya aholisining yarmi oyoqyalang yuradi. Xuddi shunday — har qanday katta yoki kichik hujjatlar ham shu holdadir. Hammasi sharpalar dunyosi bag‘riga singib ketadi. Hatto bugungi sanani ham aniq bila olmaysan.
Uinston yo‘lakning u tomonidagi shisha xonachaga qaradi. U yerda Tillotson ismli, qoramtir iyakli saranjom-sarishta odamcha gazeta taxlamini tizzasiga qo‘ygancha, so‘zyozgich mikrofoniga yopishib, jon-jahdi bilan mehnat qilardi. U go‘yo barcha gaplar o‘zi va telekran o‘rtasida qolishini istayotgandek ko‘rinardi. U boshini ko‘tardi va uning ko‘zoynaklari Uinston tomonga dushmanona yaltiradi.
Uinston Tillotsonni deyarli bilmasdi va u nima bilan mashg‘ulligini ham tasavvur qilolmasdi. Hujjatlar bo‘limi xodimlari bir-biri bilan qilayotgan ishlari yuzasidan gaplashmas edi. Ikki tomonida xonalar bo‘lgan derazasiz yo‘lakda qog‘ozlar shildirashi va so‘zyozgichga ming‘irlayotgan ovozlar ichra o‘ndan ziyod odam yillar bo‘yi birga ishlardiki, Uinston hatto ularning ismini ham bilmasdi, holbuki ularni shu qavatda u yoqdan bu yoqqa shoshib ketayotganlarini ko‘rar, Ikki Daqiqa Nafratda qo‘llarini silkitishardi. Qo‘shni xonadagi anavi mallasoch pakana ayol kunbo‘yi matbuotni varaqlab, bug‘lantirib yuborilgan, demakki, hech qachon yashamagan odamlarning familiyalarini gazetalardan o‘chirish bilan shug‘ullanardi. Muayyan ma’noda bu mashg‘ulot unga mos: ikki yil avval uning erini bug‘latib yuborishgandi. Uinstondan bir necha xona narida kalta, beo‘xshov, parishonxotir maxluq o‘tiradi. Bu Amplfort ismli kimsa bo‘lib, qofiya va hijolar bo‘yicha usta edi, she’riyatning andozalarini — rasmiy aytganda, namunaviy matnlarini — tayyorlardi, bu matnlar g‘oyaviy bo‘sh bo‘lsa-da, u yoki bu sabab bilan antologiyalardan olinib tashlashi mumkin emasdi. Ellikdan ziyod odam ishlaydigan bu yo‘lak “Hujjatlar bo‘limi”ning ostbo‘limi, aytish mumkinki, murakkab organizmidagi bir hujayrasi edi, xolos. Uzoqroqda, yuqorida, quyida, xizmatchilar gala-gala bo‘lib, ko‘plab tasavvurga sig‘mas topshiriqlarni bajarishardi. Bu yerda o‘z muharrirlari, noshirlari, matbaachilariga ega bo‘lgan katta bosmaxonalar va mukammal aslahalangan studiyalar fotosuratlarni soxtalashtirish bilan mashg‘ul edi. Bu yerdagi teledasturlar bo‘limi o‘z muhandislari, rejissorlari va yaxlit artistlar guruhlari bilan begona ovozlarni o‘xshatishga mashg‘ul edilar. Bunda referentlar to‘dasi taftish qilinadigan kitoblar, vaqtli matbuot ro‘yxatini tuzish bilan band edi. Tuzatilgan hujjatlar saqlanadigan ulkan omborlar va asl nusxalarni yo‘q qiladigan yashirin otashgohlar ishlab turardi. Va qayerdadir — qayerdaligi noma’lum — siyosiy yo‘nalishni anonim tarzda belgilab beradigan rahbariy miya ishlardi, uning ko‘rsatmalariga muvofiq o‘tmishning bir qismini saqlab qolish, boshqa qismini soxtalashtirish va uchinchi bir qismini izsiz yo‘qotish lozim edi.
Yaxlit “Hujjatlar bo‘limi” Haqiqat vazirligining bir tarkibiy qismi edi. Vazirlikning bosh vazifasi o‘tmishni qayta yaratishgina emas, balki Okeaniya aholisini gazetalar, filmlar, darsliklar, teleko‘rsatuvlar, pyesalar, romanlar — barcha turdagi axborot va qo‘llanmalar bilan ta’minlash va ko‘ngilochishdir, bu haykaldan to shiorgacha, lirik she’rdan to biologik tadqiqotgacha, maktab husnixatidan to Yangigit lug‘atlarigacha — hammasini qamrab oladi. Vazirlik nafaqat partiyaning turli-tuman ehtiyojlarini ta’minlaydi, balki shunga o‘xshash — ammo saviyasi pastroq — proletariatga mos axborot mahsulotlarini ham tarqatadi. Proletar adabiyoti, musiqasi, dramaturgiyasi va umuman ko‘ngilochar mahsulotlari bilan shug‘ullanadigan yaxlit bo‘limlar tarmog‘i mavjud edi. Bu yerda sport, jinoyatchilik xronikasi va munajjimlar bashoratidan boshqa narsa bosilmaydigan sariq chaqalik gazetalar, shov-shuvbop besh sentli novellalar, uyatsiz filmlar, versifikator deb ataladigan maxsus kaleydoskopda mexanik tarzda yaratiladigan sentimental qo‘shiqlar ishlab chiqarilardi. Hattoki Yangitilda “Pornobo‘lim” deb ataladigan bo‘linma ham bo‘lib, u eng fahsh mavzularda pornografiya ishlab chiqarardi. Uni muhrlangan yopiq paketlarda jo‘natishar, bevosita tayyorlovchilarni hisobga olmaganda, partiya a’zolari uni ko‘rishlari man etilgandi.
Uinston ishlab turganda, pnevmatik quvur yana uchta buyurtmani puflab chiqardi. Ular juda jo‘n topshiriqlar edi va u Ikki Daqiqa Nafrat boshlanishidan avval ularni saranjomlab qo‘ydi. Nafrat tugagach, u o‘z xonasiga qaytdi va javondan Yangitil lug‘atini qo‘lga oldi, so‘zyozgichni uzoqqa surib qo‘ydi, ko‘zoynagini artib, kunning asosiy topshirig‘ini bajarishga kirishdi.
Uinstonning hayotdan oladigan eng katta zavqi ham shu ishi edi. Ishi asosan zerikarli, bir tusdagi ishlardan bo‘lsa-da, gohida shunaqa ishlar ham tushardiki, ularga xuddi matematik masala yechayotgandek butun diqqatingni jamlaysan. Ayrim narsalarni soxtalashtirishda ingsots aqidalari va partiya sendan nimani istashi haqidagi tasavvurlaringgagina tayanasan, xolos. Bunday topshiriqlarni Uinston a’lo darajada bajaradi. Unga hatto “Tayms”ning mutlaqo Yangitilda yozilgan bosh maqolalarini tuzatishni ham ishonib topshirishadi. U ertalab chetga surib qo‘ygan to‘rtinchi topshiriqni qo‘lga oldi:
tayms 03.12.83 qo‘shplyus bayon etilgan talab k.o. tilga olinganlar shaxslarmas qayta yozish oralab yuqoriga taxlamlar
Eskitilda (odatiy ingliz tilida) bu taxminan quyidagilarni anglatardi:
“Tayms” gazetasining 1983-yil 3-dekabr sonida Katta Og‘aning mamlakat bo‘yicha buyrug‘i juda qoniqarsiz bayon etilgan: mavjud bo‘lmagan shaxslar tilga olingan. To‘la qaytadan yozing va o‘z variantingizni arxivga jo‘natishdan oldin rahbariyatga havola eting.
Uinston xato maqolani o‘qib chiqdi. Uning fikricha, buyruqning kattagina qismi SQIM tashkilotini maqtashga bag‘ishlangan — bu tashkilot suzib yuruvchi qal’alar matroslarini sigaretalar va boshqa iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlashga mas’ul edi. Ichki partiyaning ta’sirli arbobi, qandaydir o‘rtoq Uiders alohida tilga olingandi — uni 2-darajali “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlashgandi.
Uch oydan keyin, aytilmagan sabablarga ko‘ra, SQIM to‘satdan tarqatib yuborildi. Uiders va uning xodimlari endi nazardan qolganini taxmin qilish mumkin edi. Bu o‘zgarish haqida na gazetalar va na telekran orqali xabar berilgan. Bunga ham hayratlanmasa bo‘ladi: siyosiy xato qilganlarni sud qilish va hatto oshkora fosh qilishga odatlanilmagan. O‘z aybini bo‘yniga olib, tazarru qilgach, qatl etiladigan xoinlar va fikri buzuqlarning oshkora sud qilinishi bilan kechadigan va minglab odamlar yo‘q qilinadigan tozalashlar maxsus tomosha bo‘lib, tez-tez o‘tkazilmas, bir necha yilda bir marta yuz berardi. Partiyani norozi qilganlar shunchaki yo‘qolib qolardi va ular haqida boshqa hech kim hech narsani bilmas va eshitmas edi. Ularga nima bo‘lganini taxmin qilishning foydasi yo‘q. Ularning ayrimlari tirik qolgan bo‘lishi ham mumkin. Shu tarzda Uinstonning o‘ttizga yaqin tanishlari yo‘qolgan, ota-onasini aytmasa ham bo‘ladi.
Uinston qog‘oz qistirgich bilan burnini yengil qashlab qo‘ydi. Qarama-qarshi xonada o‘rtoq Tillotson avvalgiday mikrofonga qapishib, sirli shivirlardi. U boshini ko‘tardi, uning ko‘zoynagi yana yovqarash yiltilladi. O‘rtoq Tillotson ham shu vazifa bilan band emasmikin, deb o‘yladi Uinston. Bo‘lishi mumkin. Bunday nozik ishni bir odamgagina ishonib qo‘yishmaydi. Boshqa tomondan, uni komissiyaga topshirish soxtalashtirishni oshkora tan olish bo‘lardi. Ehtimol, kamida o‘n odam Katta Og‘a aslida nima demoqchi bo‘lgani haqida turlicha taxminlarni ishlab chiqish bilan band. Keyin Ichki partiyadagi qaysidir katta aql taxminlarning bittasini tanlab oladi, tahrir qiladi, o‘zaro bog‘langan iqtiboslarning murakkab tizimini yaratadi, shundan so‘ng tanlab olingan yolg‘on doimiy saqlashga topshiriladi va haqiqatga aylanadi.
Uinston o‘rtoq Uiders nima uchun nazardan qolganini bilmasdi. Balki aynigani yoki yomon ishlagani uchundir. Ehtimol, Katta Og‘a qo‘l ostidagi haddan ziyod mashhur bo‘lib ketayotgan tobeinidan qutulmoqchidir. Ehtimol, Uiders yoki uning atrofidagi kimdir partiya yo‘lidan toyganlikda ayblangandir. Ehtimol — shunisi aniqroq — bu tozalash va bug‘latishlar hukumat faoliyatining zaruriy qismi bo‘lgani uchundir. Yagona tayinli ishora “tilga olinganlar shaxslarmas” degan so‘zlarda mujassamdir — bu narsa Uiders allaqachon o‘lganini bildirardi. Insonning hibsga olinishi doim ham uning o‘lganini bildirmasdi. Gohida uni chiqarib yuborishar, qatl qilingungacha bir yoki ikki yil ozodlikda yurardi. Gohida shunday bo‘lardiki, allaqachon o‘lib ketgan deb hisoblangan odam kutilmaganda ochiq sud majlisida arvohdek paydo bo‘lar va batamom yo‘q bo‘lish oldidan yuzlab odamlarga qarshi ko‘rsatma berardi — ana shundan so‘ng u izsiz yo‘qolardi. Lekin Uiders allaqachon shaxs ham emas edi. U yo‘q, hech qachon bo‘lmagan. Uinstonning fikricha, Katta Og‘aning nutqini shunchaki o‘zgartirish yetarli emas. U dastlabki mavzudan butkul boshqacha narsani gapirishi kerak.
Uinston nutqini xoinlar va fikr jinoyatchilarni fosh etishga qaratilgan namunaviy nutqqa aylantirishi mumkin edi, ammo bu jo‘n nutq bo‘lib qolar edi, agar frontdagi g‘alaba yoki uch yillik rejaning zafarli bajarilishi haqida bir nima to‘qisa, hujjatlashtirish juda murakkablashib ketar edi. Sof fantaziya — shu kerak edi. Birdan uning xayolida — aytish mumkinki, tayyor holda — kuni kecha janglarda qahramona halok bo‘lgan o‘rtoq Ogilvi timsoli gavdalandi. Katta Og‘a gohida partiyaning qaysidir kamtarin, oddiy a’zosi xotirasiga bag‘ishlov aytardi, uning hayoti va o‘limini boshqalarga namuna qilib ko‘rsatardi. Bugun u nutqini o‘rtoq Ogilvi xotirasiga bag‘ishlaydi. To‘g‘ri, bu o‘rtoqning o‘zi umuman hayotda bo‘lmagan, ammo bir necha bosma satrlar va bir-ikki soxta fotosurat uni yashagan qilib ko‘rsatish uchun yetarli.
Uinston bir daqiqa o‘ylanib turdi, keyin so‘zyozgichni oldiga surib, Katta Og‘aning odatiy uslubida yozdira boshladi: harbiy va ayni paytda rasmiy uslub o‘xshatishga qulay uslub edi — savol qo‘yilardi va darhol javob berilardi (“O‘rtoqlar, biz bundan qanday saboq chiqarishimiz kerak? Saboqlar — ular ayni paytda ingsotsning asosiy tamoyillari hamdir — shundan iboratki...” va hokazo, va hokazo).
O‘rtoq Ogilvi uch yoshligidayoq do‘mbira, avtomat va vertolyotdan boshqa barcha o‘yinchoqlardan voz kechdi. Olti yoshida — muddatidan bir yil avval istisno tariqasida “Josuslar”ga qabul qilindi; to‘qqiz yoshida otryad boshlig‘i bo‘ldi. O‘n bir yoshida tog‘asining gaplarini eshitib, undan jinoiy g‘oyalar isini sezdi va Fikr politsiyasiga xabar berdi. O‘n yetti yoshida “Seksga qarshi yoshlar ligasi”ning tuman rahbari bo‘ldi. O‘n to‘qqiz yoshida u ixtiro qilgan granata Tinchlik vazirligi tomonidan qabul qilindi va tajriba uchun birinchi portlashdayoq o‘ttiz bir yevrosiyolik harbiy asirni yer tishlatdi. U yigirma uch yoshida urushda halok bo‘ldi. Muhim ma’lumotlar bilan Hind okeani ustidan uchib borarkan, dushmanning qiruvchi uchoqlari hujum qildi, o‘z tanasiga pulemyotni va ma’lumotlarni bog‘lab, suv tagiga cho‘kib ketdi; bunday o‘limga, — dedi Katta Og‘a, — havas qilmaslik mumkin emas. Katta Og‘a ta’kidlaydiki, o‘rtoq Ogilvining butun hayoti poklik va maqsad yo‘lida jiddu jahd namunasidir. O‘rtoq Ogilvi ichmas va chekmas edi, gimnastika zalidagi kunlik bir soat mashqlardan boshqa ko‘ngilochar mashg‘ulotni bilmasdi; uylanish va oila tashvishlari umrni burchni o‘tashga bag‘ishlashga monelik qiladi deb beldi va toq o‘tishga qaror qiladi. U ingsots tamoyillaridan boshqa mavzuda gapirmasdi, Yevrosiyo o‘rdasini tor-mor etish, xoinlarni, zararkunandalarni, fikr jinoyatchilarini hamda boshqa xoinlarni topishdan boshqa hayotiy maqsadi bo‘lmagan.
Uinston o‘rtoq Ogilvini “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlasammi, deb o‘ylanib qoldi; taqdirlamaslikka qaror qildi — bu ko‘plab avvalgi kesishgan iqtiboslarni tuzatishni taqozo qiladi.
U yana bir karra qarshi xonada o‘tirgan g‘animga nazar soldi. Nima uchundir xayoliga Tillotson ham shu ish bilan band degan o‘y kelib qoli, buni tushunib bo‘lmasdi. Kimning ishi qabul qilinadi, buni bilish qiyin, ammo uning ishonchi komilki, o‘ziniki yutib chiqadi. Bir soat oldin umuman bo‘lmagan o‘rtoq Ogilvi voqelikka aylandi. Uinstonga tiriklarni emas, o‘liklarni yaratish qiziqarli tuyuldi. O‘rtoq Ogilvi hayotda hech bo‘lmagan, ammo endi u o‘tmishda yashaydi — soxtalashtirishning izlari yo‘qotilgach, u haqqoniy va rad etib bo‘lmas tarzda Buyuk Karl va Yuliy Sezar singari tarixiy shaxsga aylanadi.
Ma’lumot uchun: “1984” romanini O‘zbekistondagi onlayn kitob do‘konlaridan 22 ming so‘mdan 34 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda sotib olish mumkin.
Izoh (0)