Samarqandda 2022-yilda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rish uchun asosiy sayyohlik zonalarida 300 mingga yaqin manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan, deya xabar berdi STVga tayanib “Gazeta.uz”.
Ko‘chatlarni ekish me’morchilik va landshaft dizayni talablariga muvofiq boshlanishi ta’kidlangan.
Viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan ish rejasiga binoan Samarqand xalqaro aeroporti hududida, Ibn Sino, Bo‘stonsaroy va Universitet xiyoboni ko‘chalarida 1945 ta manzarali daraxtlar va 46,5 ming tup butalar ekiladi.
Bundan tashqari, Shohi Zinda maqbarasidan Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasigacha bo‘lgan 9,5 kilometrlik yo‘lning har ikki tomonida 35 mingdan ziyod ko‘chat ekilgan yashil zona yaratiladi.
Bundan avval Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtda 30 mlrd so‘mga daraxt ekishni taklif qilgani, Qarshi hokimiyati sanoat zonasi qurish uchun deyarli 2900 tup daraxtni kesib tashlagani hamda Dehqonobodda Zarafshon archasi kesilishiga yo‘l qo‘yib bergan o‘rmonchilar salkam 194 million so‘m jarimaga tortilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)