Xitoyda qishloq aholisi va sayyohlar to‘rt soatdan ortiq mashina kalitini o‘g‘irlagan sug‘urni qidirishdi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, dam olish uchun to‘xtagan sayyohlar guruhi mahalliy sug‘urlarga meva va yengil taomlar bermoqchi bo‘lishgan. Ular oziq-ovqat solingan sumkani yaqin joyda qoldirishgan, unda mobil telefon va avtomobil kalitlari ham bor bo‘lgan.
Sug‘urlardan biri hidni sezib, sumkaning oldiga yugurib kelgan va sayyohlarning ko‘z o‘ngida kalitlarni ilib olib, o‘z iniga g‘oyib bo‘lgan. Tayoq bilan kalitlarni olishga urinishlar natija bermagan va sayyohlar mahalliy aholidan yordam so‘rashga majbur bo‘lishgan.

Oqibatda qishloq aholisi sayyohlar bilan birgalikda sug‘urni topish uchun yerni kovlay boshlashgan. Keyinchalik qidiruv ishlariga qishloq oqsoqoli va mahalliy partiya kotibi ham qo‘shilgan. “Yoppasiga qidirish”dan tortib, kuchli magnitlar bilan tajribalar o‘tkazishgacha usullar bilan izlangan. Faqat to‘rt soatdan so‘ng, kechqurunga yaqin kalitlarni topishga muvaffaq bo‘lishgan.
Bu voqea xitoylik internet foydalanuvchilarining qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik vaziyatni hazil tarzida qabul qildi, biroq mahalliy hokimiyat hodisaga jiddiy yondashgan. Ular sayyohlarga sug‘urlarni boqish mumkin emasligi eslatishgan.
“Bu nafaqat bunday “o‘g‘rilar”ni rag‘batlantiradi, balki sog‘liq uchun ham xavflidir. Hayvonlar tishlashi mumkin, ularning tishlashi esa ko‘pincha turli kasalliklarga olib keladi”, deyiladi mahalliy hokimlik bayonotida.
Izoh (0)