Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax ko‘chalarida qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etgan “Jiguli” va Cobalt avtomobillari tasvirlangan videolar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan IIV Jamoat xavfsizligi departamenti maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, viloyatning Sharof Rashidov tumanida qo‘pol yo‘l qoidabuzarliklarini sodir etgan haydovchilar va ularning Cobalt hamda “Jiguli” mashinalari topilib, ularga nisbatan tegishli tartibda bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Haydovchilardan biri videolardagi holatlar to‘y marosimida sodir etilganini maʼlum qilgan.
“Ziyon ko‘rsak ko‘rdik, foyda ko‘rmadik. Boshqa qaytarilmaydi, xulosa chiqardik”, degan haydovchilardan biri.
Hozirda ikkala transport vositasi ham vaqtinchalik saqlash maydonchasiga joylashtirilgan.
Avvalroq Navoiy viloyatida mashinada bajargan xavfli harakatlari bilan ijtimoiy tarmoqlarda “yo‘l polvoni” deya nom olgan fuqaro qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar qilgandik. Unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 prim 10-moddasiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Izoh (0)