Bugun, 18-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yondosh qurilgan mehmonxonalar majmuasini ko‘zdan kechirdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur hududlar bir paytlar qarovsiz bo‘lgan, bugun esa obod maskanga aylandi.

“8 gektardan ziyod maydonda 12 ta zamonaviy mehmonxona, 375 o‘rinli “Yangi Toshkent” konferensiya zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi hamda ochiq sport maydoni barpo etilgan. Mehmonxonalarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlar nomi berilgan. Ular uch yulduzli bo‘lib, besh qavatdan iborat, 62 ta xona va 124 o‘ringa ega. Majmua yagona konsepsiya asosida faoliyat yuritadi va uning boshqaruvi xalqaro tajribaga ega Leo Hospitality Solutions, Radisson Individuals, Trademark Collection by Wyndham kabi nufuzli kompaniyalarga topshiriladi”, deyiladi manbada.

Maʼlum qilinishicha, xususiy banklar shu kabi majmualar boshqaruviga sherik bo‘lib kirish taklifini bildirgan. Davlat rahbari xizmat sohalari kengayishi, joylarda zamonaviy maskanlar ko‘payishi aholi farovonligiga hissa qo‘shishini taʼkidlagan.

“Mehmonxonalar restoran, anjumanlar zali va dam olish maskanlari bilan uyg‘un qurilgani xizmat qamrovini oshiradi. Bu yerda yuqori darajadagi tadbirlar hamda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazilishi ham mumkin”, deya qayd etgan manba.

Majmuada 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident majmuada xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish masalalariga eʼtibor qaratgan. Bunday ko‘p tarmoqli xizmatlarni boshqa hududlarda ham keng yo‘lga qo‘yish muhimligi taʼkidlangan.
Izoh (0)