Italiyada koronavirusga chalinganlar soni 1 milliondan oshib, 1 028 424 kishiga yetdi, deb xabar bermoqda “Kommersant” Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga tayanib.
O‘tgan bir kecha-kunduz ichida 32 961 ta yangi holat qayd etilgan. Butun pandemiya mobaynida 42 953 kishi vafot etgan, 372 113 kishi sog‘aygan.
Italiya kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda o‘ninchi o‘rinni egallamoqda. Birinchi uchlikni AQSh (10,4 million), Hindiston (8,6 million) va Braziliya (5,7 million) band qilib turibdi. Dunyo bo‘yicha jami 51,97 millionta holat qayd etilgan.
Vafot etganlar soni bo‘yicha Italiya oltinchi o‘rinda turibdi. O‘lim holatlarining eng ko‘pi AQShda (240,8 ming), Braziliyada (162,8 ming) va Hindistonda (127,5 ming) kuzatilgan. O‘limlar soni dunyo bo‘yicha 1,28 milliontaga teng.
Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Daniyadan tashqari, Ispaniya, Italiya, AQSh, Niderlandiya va Shvetsiyada ham qorako‘zanlar koronavirus bilan kasallangani aniqlangani haqida xabar bergandi.
Italiyaning butun hududida 4-noyabrdan koronavirus tarqalishi sababli komendantlik soati joriy qilindi. Mamlakat aholisining soat 22:00 dan 05:00 gacha uydan chiqishi taqiqlangan.
Izoh (0)