Afg‘oniston va O‘zbekiston xususiy sektorlari o‘rtasidagi qo‘shma ishbilarmonlik uchrashuvida umumiy qiymati 20 million dollardan ortiq bo‘lgan 45 ta savdo hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda Ariana News xabar berdi.

“Tolibon” hukumati vakillariga ko‘ra, mazkur bitimlar ikki davlat o‘rtasida investitsiya va savdo hajmi oshishiga olib keladi. Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuruddin Azizi O‘zbekiston bilan savdo hajmini 3 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilganini aytdi.
Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar tarixda kamdan-kam uchraydigan misli ko‘rilmagan darajaga yetdi, dedi u.
O‘zbekistonning Kobuldagi elchisi Oybek Usmonov ham ikki tomonlama savdo aloqalarini yanada kengaytirish rejalashtirilganini bildirdi. Unga ko‘ra, 2025-yil davomida Kobul va Toshkent o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi uch barobarga oshgan.
Joriy yilning birinchi yarmida Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksporti 300 foizga ko‘paydi. Biz yaqin yillarda savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishga tayyormiz, dedi Usmonov.
Uchrashuv yakunida ikki davlat xususiy sektori vakillari quyidagi masalalarga e’tibor qaratdi:
- vizalar berish tartibini soddalashtirish,
- imtiyozli tariflarni joriy etish,
- investorlar uchun qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilma yaratish,
- shartnomalar ijrosini mustahkamlash,
- Kobul va Toshkent o‘rtasida qo‘shma savdo palatalarini tashkil etish.
Izoh (0)