Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev uning mamlakati Tog‘li Qorabog‘dagi urushda g‘alaba qozonganini ma’lum qildi. Ilhom Aliyev bu haqda davolanayotgan harbiylar bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”.
“Vatan urushi tugadi. Ozarbayjon bu urushda yorqin g‘alabaga erishdi, bizning yerlarimiz bosqindan ozod qilindi, bosqinchilar bizning yerimizdan haydaldi”, — deya so‘z boshlagan Aliyev.
“Ikkinchi Qorabog‘ urushi tarixda Ozarbayjonning sharafi bilan qoladi”, — deya ta’kidlagan prezident. Uning ma’lum qilishicha, Pashinyanning janglarni to‘xtatish haqidagi kelishuvni imzolashiga kameralar oldida erishgan. Aliyev bu kelishuv imzolanishini Ikkinchi jahon urushida fashistlar va ularning ittifoqchilari kapitulyatsiyasi haqidagi kelishuvning imzolanishi bilan taqqoslagan.
Uning ta’kidlashicha, Qorabog‘dagi janglar shiddatli bo‘ldi, chunki Armaniston ushbu hududni nazorat qilgan yillarda bu yerda jiddiy istehkomlar qurilgan. Shu bilan birga, Aliyevning ta’kidlashicha, 30 yil ichida deyarli barcha fuqarolik inshootlari buzilgan. “Ozod qilingan yerlarning manzarasi bu dushman Ozarbayjon xalqiga nisbatan nafrat bilan yashaganligini ko‘rsatdi, aks holda nima uchun barcha binolarni buzish kerak? Ozod qilingan hududlarimizning deyarli 99 foizi vayron qilingan — uylar, maktablar, kasalxonalar, jamoat binolari, tarixiy yodgorliklar, ajdodlarimiz qabrlari, masjidlar. Endi biz ushbu rasmlarni e’lon qilamiz, uni matbuotda har kim ko‘rishi mumkin. Bu vahshiylik, buzg‘unchilik, bu harbiy jinoyat”, — dedi Ozarbayjon prezidenti.
Aliyevning aytishicha, endi Ozarbayjon Yerevan va Tog‘li Qorabog‘ kuchlari nazorati ostida bo‘lgan davrda ushbu hududlarga yetkazilgan moddiy zarar uchun Armanistondan tovon puli talab qiladi. “Xalqaro ekspertlar taklif qilinadi. Xalqaro ekspertlar ishtirokida barcha vayronalardan moddiy va ma’naviy zarar hisoblab chiqiladi va biz, odamlar, yakka tartibda va uyushgan holda dushmanni xalqaro sudlarga jalb qilamiz, u tovon puli to‘laydi, javob beradi va o‘zining xunuk ishlariga munosabat bildiradi", — deya qo‘shimcha qilgan prezident.
Avvalroq Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan kelishuv imzolanganini e’lon qilib, uning natijalarini boshqacha ta’riflagan edi. “Bu g‘alaba emas, lekin yutqazganingizni tan olmaguningizcha mag‘lubiyat bo‘lmaydi. Biz hech qachon o‘zimizni mag’lub deb bilmaymiz va bu bizning milliy birlik va tiklanish davrimizning boshlanishi bo‘lishi kerak”, — dedi u xalqqa murojaat qilib. Pashinyan Yerevanda tinchlik kelishuvini tuzishdan boshqa iloji yo‘qligini ta’kidladi.
9-noyabr kuni kechqurun Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya rahbarlari tinchlik bitimini imzolagani ma’lum bo‘ldi. Unga muvofiq, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ hududlarining katta qismini va 1990-yildan beri Yerevan tasarrufida qolgan hududlarni Ozarbayjonga topshiradi. Armaniston Qurolli kuchlari o‘z pozitsiyalaridan olib chiqilmoqda, mintaqaga 2 mingta rus tinchlikparvari texnika bilan olib kelinmoqda. Armanistonga Qorabog‘ga transport yo‘lagi yaratilishi kafolatlanadi, shu bilan bir vaqtda Ozarbayjondan Naxichevan eksklavigacha transport yo‘lagi yaratiladi.
Kreml prezident Aliyevning ushbu kelishuv Armanistonning “taslim bo‘lishi” haqidagi ilgari aytilgan so‘zlariga qo‘shilmadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu hujjat qon to‘kilishiga chek qo‘yib, “ikki xalqning, Armaniston va Ozarbayjonning g‘alabasi” bo‘lganini aytdi.