O‘tgan bir hafta ichida dunyo bo‘ylab 3,6 million kishi koronavirusga chalingani qayd etildi, deb xabar bermoqda “RBK” JSST haftalik hisobotiga tayanib. Bu pandemiya boshlanganidan buyon rekord ko‘rsatkich.
Avvalgi rekord o‘tgan haftada qayd etilgan (26-oktabrdan 1-noyabrgacha), shu vaqt davomida 3,3 milliondan ortiq kishida COVID-19 aniqlangan, bemorlarning 45 ming nafardan ortig‘i vafot etgandi.
So‘nggi bir haftada (2—8-noyabr) esa infeksiyaga chalinganlar soni undan avvalgi haftaga nisbatan 8 foizga ortgan. Bunda o‘limlar soni 21-foizga oshib, 54 mingdan ortiq bo‘lgan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 54 foizi Yevropada qayd etilgan. Shuningdek, yangi o‘lim holatlarining 47 foizi ham Yevropaga to‘g‘ri kelgan. Alohida mamlakatlar hisobida qaralsa, eng ko‘p kasallanishlar AQSh, Fransiya, Hindiston, Italiya va Buyuk Britaniyada qayd etilgan.
Yangi ma’lumotlarni hisobga olgan holda, COVID-19’ga chalinganlarning umumiy soni 50,6 million kishini, undan vafot etganlar 1,2 million kishini tashkil etdi.