Ispaniyaning “Barselona” klubi La Liga prezidenti Xavyer Tebas hamda mamlakat futbol federatsiyasining Tartib-intizom qo‘mitasiga nisbatan surishtiruv ishlarini olib borish borasida Sport bo‘yicha ma’muriy tribunalga shikoyat arizasini berdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Shikoyat arizasi “Barselona”ning “Valensiya”ga qarshi (3:2) 22-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvida kataloniyalik futbolchilarning maydondagi xatti-harakatlari tanqid qilinganidan so‘ng berildi.
“Tebas tomonidan aytilgan so‘zlar mas’uliyatsiz va u singari mutasaddi uchun loyiq emas. Tartib-intizom qo‘mitasiga kelsak, ular futbolchilarning xulqiga izoh bermasdan, qaror chiqarishi kerak. Biz zo‘ravonlikni tug‘diruvchi xatti-harakatlar adolatli jazolanishiga umid qilamiz”, – dedi “Barselona” prezidenti Jozep Bartomeu.
“Valensiya”ga qarshi o‘yin yakunida Lionel Messi penaltidan g‘alaba to‘pini kiritganidan keyin kataloniyalik futbolchilar golni raqib jamoa muxlislari yig‘ilgan tribuna yaqinida nishonladi. “Valensiya” ishqibozlaridan biri suv idishini futbolchilar tomon uloqtirdi hamda Neymar va Luis Suaresni aniq nishonga oldi. Har ikki futbolchi chim ustiga yiqilib, zarba ularga og‘riq yetkazganini ko‘rsatishga urindi.
Uchrashuvdan so‘ng Tartib-intizom qo‘mitasi “Barselona”ning ba’zi futbolchilari namoyish qilayotgan xatti-harakatlar kulguli ekanini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)