Ozarbayjonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumda ovoz berish boshlandi, deb yozadi “TASS”. 125 ta okrugdagi 5267 ta uchastkaning barchasi ochildi.
Referendumdan maqsad, hukumat vakillari so‘zlariga ko‘ra, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, xususan, mamlakat rahbariyatida yangi lavozimlarni ta’sis etish, prezident va parlament deputati bo‘lib saylanish uchun yosh cheklovlarini bekor qilish.
Ovoz beruvchilar ro‘yxatiga mamlakatning 5,26 million fuqarosi kiritilgan. Ovoz berishda saylovchilarning kamida 25 foizi qatnashsagina referendum bo‘lib o‘tdi, deb tan olinadi.
Byulletenga 29 ta band kiritilgan, ularning har biri taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni aks ettiradi. Referendum ishtirokchilarining 50 foizdan ortiq ovozlarini to‘plagan tuzatishlar qabul qilindi, deb hisoblaniladi.
Referendumning borishini 117 nafar xalqaro va 53 mingga yaqin mahalliy kuzatuvchilar nazorat qiladi.
Takror ovoz berish oldini olish uchun saylovchilarning bosh barmog‘i rangsiz siyoh bilan bo‘yaladi. Uchastkaga kirishda ularning barmog‘i maxsus ultrabinafshali lampa bilan skanerlanadi. Shuningdek, bir nechta byulleten tashlashga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha uchastkalarda shaffof qutilardan foydalaniladi.
Ovoz berish Toshkent vaqti bilan 20:00 ga qadar davom etadi.
Izoh (0)