Vladivostokdagi iqtisodiy forumga tashrif buyurgan amerikalik aktyor Stiven Sigal Uzoq Sharq qoplonlaridan birini Chingizxonning ayoli sharafiga nomladi. Bu haqda Primoryedagi “Qoplon yeri” milliy bog‘i matbuot xizmati xabar berdi.
Sharqiy iqtisodiy forumdagi ko‘rgazmalar davomida Sigal Uzoq Sharq qoploni populyatsiyasini saqlab qolish muammosi haqida ma’lumot oldi. Uning qayd etishicha, populyatsiyaning 30 jonivordan 70 tagacha ko‘paygani mazkur yirtqichlarni qutqarib qolish uchun yetarli emas.
Sigal qoplonlarga yordam berish istagini bildirganidan so‘ng, unga shu jonivorlarning biriga nom berish va uning “himoyachisi”ga aylanish taklif qilindi. “Leo 16F raqami ostidagi yosh urg‘ochi qoplonni tanlagan aktyor unga Chingizxonning birinchi turmush o‘rtog‘i sharafiga Queen Borte (qirolicha Borte) deb nom berdi”, — deyiladi xabarda.
Sigal Sharqiy iqtisodiy forumda qatnashdi. 4-sentabr kuni u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan birga Russkiy orolida qurilayotgan okeanariumni tomosha qildi.
Izoh (0)