Kembrij lug‘atiga ijtimoiy tarmoqlarda ommalashgan 6000 ta yangi so‘z kiritildi. Ular orasida TikTok’da mashhur bo‘lgan o‘smirlar so‘zlari ham bor. Bu haqda The Guardian xabar berdi

Lug‘atda texnologiyalar va masofadan ishlashga oid boshqa atamalar ham kiritilgan. Biroq mashhur slenglarning ham kiritilishi ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Internet madaniyati ingliz tilini o‘zgartirmoqda, buni kuzatish va lug‘atda qayd etish juda qiziqarli, dedi Kembrij lug‘atining leksik dastur menejeri Kolin Makintosh.
Skibidi — lug‘atda “turli ma’nolarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan so‘z” deb ta’riflanadi. Masalan, “zo‘r” yoki “yomon” degan ma’noda. Bundan tashqari u umuman ma’nosiz, hazil tariqasida ishlatilishi mumkin. Misol: “What the skibidi are you doing?” (“Qanaqa skibidi qilib yuribsan?” — ya’ni “Nima balo qilib yuribsan?”ga o‘xshash).
Hatto mashhur yulduz Kim Kardashyan ham bu trenddan chetda qolmagan: u Instagram’da “skibidi toilet” yozuvi o‘yib yozilgan marjon taqqan videosini joylagan. Skibidi aslida YouTube’dagi mashhur animatsion multik nomi orqali mashhur bo‘lgan. Unda odam boshli unitaz ko‘rinishidagi mavjudotlar tasvirlangan. Serialni Rossiyadan Gruziyaga ko‘chib o‘tgan 3D animator Aleksey Gerasimov yaratgan.
-SvbFddVa.avif)
Tradwife — “traditional wife” (an’anaviy xotin) so‘zining qisqartmasi bo‘lib, u “an’anaviy” turmush tarzini yuritadigan — bolalarni tarbiyalaydigan, ovqat tayyorlaydigan, uy-ro‘zg‘or ishlarini bajaradigan va shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan ayolni anglatadi.
Delulu — “delusional” (“xomxayol, o‘zini aldagan”) so‘zining qisqartirilgan shakli. “O‘zi xohlab haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan narsaga ishonish” ma’nosini beradi.
Pandemiya davrida masofaviy ishlashning ommalashuvi bilan lug‘atga mouse jiggler (kompyuter sichqonchasini qimirlatib turuvchi) atamasi kiritildi. Bu kompyuterda ishlayotgandek ko‘rsatib, hamkasblaringizning ortiqcha e’tiborini tortmasdan o‘z ishlaringiz bilan shug‘ullanishingizga imkon beradigan qurilma yoki dastur.
Lug‘atda broligarchy kabi ba’zi qo‘shma atamalar ham paydo bo‘ldi. Bu so‘z “bro” (birodar, do‘st) va “oligarchy” (oligarxiya) so‘zlaridan yasalgan. Bu so‘z texnologiya biznesida ulkan boylik va ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kichik erkaklar guruhini ifodalaydi. Ular siyosatga ham ta’sir o‘tkazadi yoki unga intiladi. Masalan, milliarderlardan Jeff Bezos, Ilon Mask va Mark Sukerberg ham prezident Donald Tramp inauguratsiyasida qatnashganida, ularga nisbatan “broligarchy” so‘zi ishlatilgan. Kembrij lug‘ati vakillari bu atamalar kundalik qo‘llanilishiga ishonmoqda.
Izoh (0)