Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-avgust kuni Pokiston Shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Sahir Shamshod Mirzo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, mehmon Shavkat Mirziyoyevga Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
“Pokiston bosh vazirining joriy yil fevral oyidagi O‘zbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston-Pokiston ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Turli darajalarda o‘zaro muloqot va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi”, deyiladi manbada.

Tahlilga ko‘ra, joriy yil boshidan ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga, yuk tashish 50 foizga oshgan. Karachi va Lahor shaharlarida savdo uylari ochilgan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ko‘paygan.
Muloqotda harbiy va harbiy-texnik sohalarda, xavfsizlikka zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi amaliy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilgan.
O‘z navbatida transafg‘on temir yo‘lini qurish loyihasi bo‘yicha imzolangan uch tomonlama bitimni tez fursatda amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Izoh (0)