Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi “Chorsu” bozorida mashinadan 128 million so‘m pullar o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.|
Maʼlum bo‘lishicha, soat 09:30 lar atrofida 102 raqami orqali “Chorsu” bozorining avtoturargohida Nexia rusumli mashina ochilgani hamda unda bo‘lgan taxminan 128 million so‘m naqd pullar o‘g‘irlab ketilgani maʼlum qilingan.

O‘tkazilgan tezkor surishtiruvlar natijasida ushbu jinoyatni O. ismli shaxs sodir etganligi aniqlanib, fuqaro qo‘lga olindi.
Fuqaro mashinani ochib undagi pullarni olganini, mablag‘larning bir qismini aliment qarzdorligi uchun to‘lab, qolganini aysh-ishrat uchun sarflab yuborganini bildirgan. U 2018 va 2012-yillarda sudlanganini ham maʼlum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Avvalroq Toshkent viloyatida yuzlarini yashirgan uch kishi to‘lov terminalini o‘g‘irlab ketgani to‘g‘risida xabar qilingandi. Hodisa do‘kon yonida o‘rnatilgan kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.
Izoh (0)