Sudning hibsga olish haqidagi qaroridan so‘ng iste’fo bergan Gvatemalaning sobiq prezidenti Otto Peres Molina o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmadi. Bu haqda “Vedomosti” xabar bermoqda.
4-sentabr, juma kuni bo‘lib o‘tgan sud mahkamasida 64 yoshli Molina davlat bojlari bilan bog‘liq yirik korrupsiyaviy jinoyatga aloqador ekanligi haqidagi ayblovlarni rad etdi. Qayd etish joiz, mazkur ish bo‘yicha 100 dan ortiq odam sudlanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Molina va boshqa yuqori mansabdor davlat xizmatchilari biznesmenlar mamlakat hududiga olib kirayotgan mahsuloti uchun boj to‘lashdan ozod bo‘lish maqsadida berib turgan poralardan foiz olgan.
O‘z navbatida, sobiq prezidentning advokatlari barcha ayblovlarni rad etmoqda. Xususan, Molinaning vakili sobiq prezident suddan yashirinmoqchi emasligini va sud jarayonida to‘liq ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Gvatemaladagi navbatdagi prezident saylovlari 2016-yilning yanvar oyiga belgilangan. Otto Peres Molina mazkur saylovlarda ishtirok etmaydi.
Izoh (0)