Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH rahbari Donald Tramp bilan olib borgan muzokaralar davomida hududlarni almashtirish imkoniyatini inkor etmagan. Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) Yevropa amaldorlariga asoslanib xabar bermoqda.

Shu bilan birga, Ukraina yetakchisi o‘z mamlakatining konstitutsiyaviy to‘siqlariga e’tibor qaratgan. U, shuningdek, aholini ko‘chirish zarurati va huquqiy cheklovlar tufayli bunday rejalarni amalga oshirish murakkabligini ta’kidlagan.
“Zelenskiy “mutanosib almashinuvlar”ni ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi”, deya qayd etadi nashr.
18-avgust kuni kechqurun Tramp Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ochiq qism yarim soatdan sal kamroq davom etdi. Muzokaralarda NATO bosh kotibi Mark Ryutte, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Merts, Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb, Italiya bosh vaziri Jorj Meloni ishtirok etdi.
Trampning o‘zi uchrashuvni “juda samarali” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar AQSH bilan kelishilgan holda Yevropaning turli davlatlari tomonidan taqdim etiladigan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilgan.
Uchrashuvdan so‘ng, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hududiy masalalarni muhokama qilish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyorligini aytdi.
Izoh (0)