“Terminator” filmi rejissyori Jeyms Kemeron deyarli 40 yil oldin o‘ylab topgan mavzusiga — mashinalar qo‘zg‘oloniga yana qaytdi. Rejissyor Rolling Stone nashriga bergan intervyusida agar sun’iy intellekt qurol-yarog‘ tizimlari, jumladan yadroviy qurollar bilan birlashtirilsa, uning filmidagi Qiyomat kuni ssenariysi haqiqiy hayotda ro‘y berishi mumkinligini tan oldi.
“Xavf hamon mavjud”
Kemeronning tushuntirishicha, jang maydonida qarorlarni soniyaning ulushida qabul qilish kerak bo‘ladi va bu musobaqada o‘ta aqlli tizimlar ustunlikka ega. Hatto robotlar ustidan nazorat inson qo‘lida qolsa ham, xatolar yuz berishi mumkin - tarix allaqachon dunyo yadro urushi yoqasida turgan holatlarni biladi.
“Menimcha, “Terminator” uslubidagi qiyomat xavfi hamon mavjud. Ehtimol, biz donishmandlik qilib, insonni jarayonda qoldirarmiz. Biroq odamlar xato qiladi”, deya ta’kidladi rejissyor.
Kemeronning fikricha, insoniyat hozirda uch ekzistensial xavf oldida turibdi: iqlim inqirozi, yadro quroli va super intellekt. Qizig‘i shundaki, rejissyor aynan sun’iy intellektni nafaqat tahdid, balki mumkin bo‘lgan yechim sifatida ham ta’riflaydi.
“Ehtimol, super intellekt buning yechimi bo‘lishi mumkin. Men buni bashorat qilmayapman, ammo shunday bo‘lishi ehtimoldan xoli emas”.
Bu “Terminator 7” uchun nimani anglatadi?
Kemeron yangi qism ssenariysini yozishga kirishgan. Uning so‘zlari yettinchi filmda “Skaynet apokalipsisi” kutilmagan burilish olishi mumkinligini anglatadi: xavf mashinalardan emas, balki texnologiyadan o‘ylamasdan foydalanadigan insonlarning o‘zlaridan kelib chiqishi mumkin.
Zamonaviy voqelik Kemeronga “Terminator 7”ni shunchaki kelajak haqidagi jangari film emas, balki hozirgi kunimizga juda yaqin, vahimali tarixga aylantirish imkonini beradi — sun’iy intellekt allaqachon hayotimizga shunday tezlik bilan kirib kelmoqdaki, biz uni nazorat qilish uchun qonunlar ishlab chiqishga ulgurmayapmiz.
Izoh (0)