Xalqaro futbol federatsiyasi — FIFA prezidentining navbatdan tashqari saylovi 2016-yil 26-fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda, tashkilot matbuot xizmatiga asoslanib, “TASS” xabar berdi.
Dushanba kuni Syurix shahrida FIFA ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tdi va unda tashkilot rahbarining navbatdan tashqari saylovi sanasi belgilandi. Tashkilotga 1998-yildan beri rahbarlik qilib kelayotgan Yozef Blatter saylovga qadar FIFA prezidenti vazifasini bajarib turadi.
Tashkilot reglamentiga muvofiq, FIFA prezidenti saylovida ishtirok etish niyatida bo‘lgan nomzodlar o‘z arizalarini 26-oktabrga qadar topshirishlari kerak.
18-iyul, shanba kuni Ispaniyaning AS nashri UEFA prezidenti Mishel Platini FIFA prezidenti sayloviga o‘z nomzodini qo‘yishi haqida xabar bergandi.
Bungacha mazkur lavozim uchun kurashish istagini fransiyalik sobiq futbolchi David Jinola, “Bunyodkor”ning braziliyalik sobiq ustozi Ziko, o‘tmishning mashhur hujumchilaridan biri Diyego Maradona, Iordaniya shahzodasi Ali bin al-Husayn, Liberiya futbol uyushmasi prezidenti Musa Biliti, FIFAning sobiq vitse-prezidenti, janubiy koreyalik Chon Monjun bildirgan edi.
Izoh (0)