Fransiya va Germaniyaning sobiq yetakchilari Nikolya Sarkozi va Kristian Vulf futbol bo‘yicha 2022-yilgi jahon chempionati mezbonini aniqlash bo‘yicha ovoz berish jarayoniga siyosiy bosim o‘tkazish yo‘li bilan ta’sir o‘tkazishga uringan. Bu haqda FIFA prezidenti Yozef Blatter ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Vedomosti”.
“Sarkozi va Vulf ovoz berish jarayonida ishtirok etgan o‘z vakillariga ta’sir o‘tkazishga uringan. Aynan shu sababli ham biz Qatarda bo‘ladigan chempionatni qo‘lga kiritdik. Bu qarorni qabul qilgan odamlar javobgarlikni ham o‘zlariga olishlari kerak. Agar ijroiya qo‘mitasining aksariyat a’zolari JCh-2022 Qatarda o‘tishini xohlasa, men bu fikrga qo‘shilishga majburman”, - dedi Blatter.
Eslatib o‘tamiz, Blatter FIFAning 29-may kuni bo‘lib o‘tgan kongressida navbatdagi muddatga prezident etib saylangan edi, biroq tashkilotda yuz bergan korrupsiya mojarosi sabab, saylanganidan to‘rt kun o‘tib iste’foga chiqishini e’lon qildi.
20-iyul kuni Syurixda FIFA ijroqo‘mining navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tadi va unda tashkilotning bo‘lajak rahbari saylovi sanasi belgilanadi. FIFA prezidentining navbatdan tashqari sayloviga qadar Blatter tashkilotga rahbarlik qilib turadi.
Izoh (0)