Hindiston shimolidagi Jammu va Kashmir shtatida 11-may kuni yo‘lovchi avtobusi bilan sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida 23 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 35 kishi turli tan jarohati oldi, deb xabar qiladi “TASS”.
Transport vositasi yo‘ldan chiqib ketgan va 60 metrli daraga qulagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan.
Okrug politsiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari Yashi Mudgala so‘zlariga ko‘ra, shifoxonaga yetkazilgan 6 kishining ahvoli og‘ir.
“Voqea joyida qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda va qurbonlar soni yana ortishi mumkin”, — dedi Mudgala.
Hindiston yo‘l-transport hodisalari natijasidagi o‘lim soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. 2011-yilda mamlakat yo‘llaridagi avariyalarda 140 ming, 2012-yilda 150 ming kishi hayotdan ko‘z yumdi. YTHning 70 foizi odamlarning aybi bilan ro‘y beradi.
Izoh (0)