Iyul oyida Ukraina sharqida qulab tushgan “Boing” yo‘lovchilaridan biri kislorod niqobi bilan topilgan. Bu haqda Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Frans Timmermans de Volkskrant nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Kislorod niqobining mavjudligi yo‘lovchida uni yuziga taqish uchun vaqt bo‘lganligini bildiradi, — deya ta’kidladi vazir. — Biz bunday imkoniyatni istisno qila olmaymiz”.
Nashrning eslatishicha, avvalroq ekspertlar “Boing” bortida bo‘lganlarning barchasi laynerdagi germetiklikning buzilishi natijasida lahzalar ichida hushini yo‘qotib halok bo‘lganiga ishonch bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 17-iyul kuni Malaysia Airlines’ning Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchib ketayotgan “Boing-777” layneri Ukrainaning Donetsk viloyatida qulagan edi. Samolyot bortida bo‘lgan 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Ba’zi versiyalarga ko‘ra, layner raketa bilan urib tushirilgan. Rasmiy Kiyev va G‘arb mamlakatlari hodisa bo‘yicha javobgarlikni ayirmachilar bo‘yniga qo‘ymoqda. Ular o‘z navbatida aviahalokatga aloqadorliklarini rad etib, bunda Ukraina harbiylarini ayblamoqda. Halokat sabablarini aniqlash bilan Niderlandiya shug‘ullanmoqda, qora qutilar rasshifrovkasi esa Buyuk Britaniya hududida amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)