Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda ommaviy janjal bo‘layotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan poytaxt IIBB matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Maʼlum bo‘lishicha, 14-avgust kuni soat 22:35 atrofida Yangihayot tumani “Yangi Choshtepa” mahallasida 2001-yilda tug‘ilgan R.B. va 2006-yilda tug‘ilgan A.F., T.A., M.A. spirtli ichimlikni do‘kondan xarid qilib, to‘lov qilmasdan ketmoqchi bo‘lgan. Do‘kon egasi esa ularni to‘xtatib, to‘lovni amalga oshirishlarini so‘ragan.

Ushbu shaxslar jamoat joyida bo‘la turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan baqir-chaqir qilib, fuqarolar tinchligini buzgan. Voqea joyiga yetib kelgan IIO xodimlari tomonidan jamoat tartibini buzgan fuqarolar ushlangan va yaqin oradagi IIBga olib borilgan. Janjalda tan jarohatlari olganlar yo‘qligi taʼkidlandi.
R.B., A.F., T.A. va M.A.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (IIO xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.
Avvalroq Toshkentdagi JAR stadionida sanʼatkorlar va blogerlar o‘rtasida o‘tkazilgan futbol turnirida janjal chiqarganlar jazolangani to‘g‘risida xabar qilingandi.
Izoh (0)