2025-yil 16–17-avgust kunlari Qirg‘izistonning bosh shahri Bishkekda “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha III Osiyo ochiq chempionati o‘tkaziladi. Ushbu yirik tadbirda Osiyoning eng kuchli jamoalari bir-birlari bilan bellashadi va mintaqadagi eng yaxshi jamoa unvoni uchun kuch sinashadi.
“Zakovat” 24 yildan buyon dunyo bo‘ylab ishtirokchilarga bilim olish va rivojlanishga ilhom berib kelmoqda. Dastlab teleko‘rsatuv sifatida namoyish etilgan ushbu o‘yin bugungi kunda jahonning turli mamlakatlarida o‘tkaziladigan yirik intellektual harakatga aylangan. Har yili minglab ishtirokchilar, shu jumladan, bir nechta xalqaro jamoalar bu o‘yinda ishtirok etib, o‘z bilimlarini sinab ko‘rishadi.
O‘tgan yillarda “Zakovat” turnirlari AQSH, Buyuk Britaniya, Malayziya, Qozog‘iston va Tojikistonda o‘tkazilgan. Shuningdek, Toshkentning o‘zida so‘nggi yillarda umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari hamda havaskor jamoalar o‘rtasida 29 mingdan ortiq o‘yin bo‘lib o‘tgan. Shu bilan birga 2023-yilda “non shahri”da 14 mamlakatdan 55 ta jamoa ishtirok etgan I Osiyo ochiq chempionati ham muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan ikkinchi turnir ham o‘zining yuksak saviyasi hamda 14 davlatdan kelgan bilimdonlar bilan ajralib turdi.
Bishkekda o‘tkazilayotgan “Zakovat”ning navbatdagi III Osiyo ochiq chempionati nafaqat ilm-fan va ta’lim sohasidagi intellektual voqea, balki mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.
Chempionatda qatnashuvchi jamoalar jami 6 turda 72 ta savolga javob topish orqali o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon qilishadi. Tadbir, o‘z navbatida, nafaqat bilimni sinovdan o‘tkazish, balki yangi avlodni bilim olishga, o‘zini rivojlantirishga intilishga undashga qaratilganligi bilan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Izoh (0)