“Daryo” O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida o‘tkazilgan eng yaxshi tanlov va tenderlar hujjatlarini monitoring qilishda davom etadi. O‘tgan hafta davomida ham bir qator shubhali holatlar aniqlandi. Quyida eng e’tiborga molik savdolar haqida ma’lumot beramiz.

Bosh prokuror o‘rinbosari o‘zi tasdiqlagan talabni buzdi
27-fevral – 6-mart kunlari Bosh prokuratura binolar va sport sog‘lomlashtirish markaziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 1.1 milliard so‘mlik eng yaxshi taklifni tanlash xaridini o‘tkazdi. G‘oliblik uchun “PR Komfort klimat Servis”, “More” hamda “Air and Expert” MCHJ kurashgan.

Yakunda tashkil etilganiga bir yarim oy bo‘lmagan “PR Komfort klimat Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib deb topilib, 938 million so‘mlik shartnomani tuzish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Vaholanki, komissiya raisi tasdiqlagan texnik hujjatning 5.3 bandiga ko‘ra, korxona davlat reyestrida ro‘yxatga olinganiga uch yil bo‘lmagani sababli tanlovga qo‘yilmasligi lozim edi.

Afsuski, chetlashtirish o‘rniga unga barcha mezonlar bo‘yicha yuqori baholar qo‘yilgan. Chunki g‘olib begona emas. Uning egasi uch yildan buyon Bosh prokuraturaga inolar va sport sog‘lomlashtirish markaziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha autsorsing xizmatini ko‘rsatib kelayotgan “Climate Comfort Service” MCHJ rahbari Gulambay Avazov hisoblanadi.
Demak, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lishi mumkin.

Ishlamayotgan korxona 113 millionlik tenderni yutib oldi
O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlaridek, Do‘stlik tuman obodonlashtirish boshqarmasi davlat xaridiga oid qonunchilik talablarini buzishda davom etadi.
Avvalgi haftada o‘tkazilgan tenderda tashkil qilinganiga 4 kun ham bo‘lmagan korxona g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan haftada 2022-yildan buyon faoliyat ko‘rsatmayotgan MCHJ shartnoma tuzishga muvaffaq bo‘lgan. Qanday deysizmi?
Boshqarma 27-fevral 6-mart kunlari profil va alkofon sotib olish bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 113 million so‘mlik tender o‘tkazgan. Unda “Vsyostroy”, “Asil-Shohjahon” MCHJ hamda yakka tartibdagi tadbirkor Ulug‘bek Sattorovlar qatnashgan.

Xarid komissiyasi xulosasiga ko‘ra, “Asil-Shohjahon” MCHJ g‘olib deb topilgan.
Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, korxona MCHJ Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumani, “Ziyokor” mahallasi raqamsiz uyda joylashgan. Shuningdek, ma’lumotda ushbu korxona faoliyat ko‘rsatmayotgani qayd etilgan.

Qo‘shnichilik — ming yilchilikmi?
Kitob tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi 26-fevral 5-mart kunlari bog‘chalar uchun isitish qozoni va unga zarur bo‘ladigan mahsulotlarni sotib olishga ikkita tanlov o‘tkazdi. Ularning umumiy boshlang‘ich qiymati 271,7 million so‘mni tashkil etgan. Shartnoma imzolash uchun “Boond” xususiy korxonasi va “Parijskaya Kamuna”, “Avto Service Office” MCHJlar bellashgan. Yakunda “Boond” xususiy korxonasi g‘olib deb topilgan.
Tanlov ma’lumotlarini ko‘zdan kechirish davomida buyurtmachi va g‘olib o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlandi. Xo‘sh, bularning qanday bog‘liqligi bor?

Gap shundaki, g‘olib firma Kitob tumani, Kitob shahri, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi, 60-uyda ro‘yxatdan o‘tgan. Buyurtmachi ham xuddi shu ko‘chada, faqat besh-olti uy nariroqda, 48-uyda joylashgan. Ya’ni, pullar begona ketmagan.
Tovar-xom ashyo birjasiga joylashtirilgan bitimlarga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 2022—2025-yillarda amalga oshirilgan 53 xaridning 19 tasida “Boond” g‘olib bo‘lgan.
Mahalladoshlar nima deydi?
Navoiy viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan o‘tkazilgan tenderlarda esa ikki mahalladosh raqobatlashgan.

Boshlang‘ich qiymati 17,3 million so‘m bo‘lgan tanlovlar 24-fevral 3-mart kunlari o‘tkazilgan. G‘oliblik uchun “Create new ideas” MCHJ hamda “Donyor bobo 2020” xususiy korxonasi kurashgan. 7-mart kuni rasmiylashtirilgan bayonnomaga ko‘ra, birinchi ishtirokchi 17,2 million so‘mlik shartnoma summasi bilan tenderlarni yutib olgan.
G‘olib firma Navoiy viloyati, Karmana tumani, “Varq” mahallasi, Sangbur ko‘chasi, 37-uyda joylashgan.
Tasodiflar tasodifan bo‘lmaydi, deganlari rost, raqib “Donyor bobo 2020” xususiy korxonasi ham aynan “Varq” mahallasida, faqat boshqa ko‘chada faoliyat yuritadi.

Yana qo‘shnilar raqobati
Namangan pedagogika kolleji 17-24-fevral kunlari kompyuterlarni ta’mirlash xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha 15 million so‘mlik tanlov o‘tkazdi. Xizmat ko‘rsatish uchun “O‘n hayot trade” va “Reliable-seller” MCHJlar da’vogarlik qilgan. G‘alaba “Reliable-seller” MCHJga nasib qildi.
E’tiborlisi, ikkala ishtirokchi ham Namangan shahri, “Nurafshon” MFY, Istiqlol ko‘chasi, 8-uyda joylashgan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, g‘olib 6-7-sonli do‘konda, zaxira g‘olibi esa 3-do‘konda ixtisoslashmagan ulgurji savdo bilan shug‘ullanadi.
Xitoyliklar Sirdaryoda bellashdi
23-28-fevral kunlari Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani Obodonlashtirish boshqarmasi yo‘l qurilish avtogreyderi sotib olish uchun eng yaxshi taklifni tanlash xaridini o‘tkazgan. Boshlang‘ich qiymati 1,1 milliardni tashkil etadi.
Tanlovda “Sevalo Supply Chain”, “Grand Truck Group”, “Sany Automobile Manufacturing Central Asia”, “Mechanical United Service” hamda “Ema China Texnika Service” MCHJlar bellashgan. Yakunda “Ema China Texnika Service” MCHJ g‘olib deb topilgan.
Barcha ishtirokchilar Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan. Yanada qizig‘i esa MCHJlarning to‘rttasi xitoylik investorlarga tegishli.
Bundan ko‘rinib turibdiki, chin yurtidan kelgan tadbirkorlar o‘zaro bellashgan.
Mas’ullardan ushbu shubhali tenderlar natijalariga e’tibor qaratib, noqonuniy holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rishni so‘raymiz.
Xaridlarni kuzatishda davom etamiz.
Izoh (0)